ABBOSIYLAR — arab xalifalari sulolasi (750—1258), Muhammad (sav) ning amakilari Abbos avlodlari. Abu Muslim harakati natijasida hokimi-yat tepasiga kelgan. Dastlabki poytax-ti — Kufa sh. «Saffoh» («Xunrez») laqabi bilan mashhur boʻlgan Abul-Abbos Abdulloh sulolaning birinchi xalifasi edi. Ikkinchi xalifa Saffohning ukasi Abu Jaʼfar Mansur (754—775) Bagʻdod sh. ga asos solib, poytaxtni shu yerga koʻchiradi. Abbosiylar hukmronligining dastlabki davrida savdo-sotiq rivojlanadi. Bagʻdod Sharqning yirik savdo markaziga aylanadi, ilm-fan ravnaq topib, falsafa, mat., tabiiyot va b. fanlarga oid koʻplab asarlar yaratiladi. Andalusiya (Ispaniya) dan tashqari butun musulmon mamlakatlari — Magʻribdan to Movarounnahrgacha Abbosiylar qoʻl ostiga oʻtadi. Bular xalifalikning iqtisodiy negizini, siyosiy va harbiy qud-ratini mustahkamladi. Ayniqsa Horun ar-Rashid va uning oʻgʻli Maʼmun zamoni Abbosiylar sulolasining gullagan davri edi. 9-a. ning ikkinchi yarmidan boshlab Abbosiylar xalifaligi zaiflasha boshladi. 10-a. ning boshiga kelib faqat Bagʻdod va uning atroflaridagina siyosiy hokimiyat Abbosiylar qoʻlida qoddi. Harbiy kuchlar turk sarkardalari qoʻliga oʻtib ketdi. Ular xohlagan vaqtlarida xalifalarni almashtira olar edilar. 10-a. oʻrtalariga kelib Abbosiylar siyosiy hokimiyatni tamoman qoʻldan boy berib, musulmonlarning diniy xalifasi (paygʻambar oʻrinbosari)gina boʻlib qoldilar. Erondagi buvayhiylar (945) Bagʻdodni oʻz qoʻliga oldi, lekin ular Abbosiylarning mavqei bilan hisoblashar edi. Bagʻdod saljuqiy-sunniylar tomonidan bosib olingandan keyin Abbosiylar siyosiy hukmronligi qisman tiklandi va dinning mavqei mustahkamlandi. 1258-y. moʻgʻullar Bagʻdodni vayron qilib, Abbosiylarni tamoman tor-mor keltirdi. Moʻgʻul xoni Huloku buyrugʻi bilan Abbosiy xalifalarning soʻnggisi — Mustaʼsim qatl etildi. Abbosiylar sulolasining qolgan vakillari esa Misrga qochdi. Mamluk sultonlari davrida (turklar 1517-y. Misrni olgunga qadar) A. Qohirada muqaddas kishilar sifatida yashab keldilar. 1261-y. Mamluk sultoni Beybars Abbosiylardan biri al-Mustansirni xalifa deb eʼlon qildi. 1517-y. A. ning avlodi Mutavakkil III Istanbulga keltirilib, u diniy rahnamolik huquqini turk sultonlariga topshirgan. Abbosiylardan 37 kishi xalifa boʻlgan.