ABDU Muhammad (1849, Tanta sh. yaqinidagi Shabshir el-Hissa qishlogʻi — 1905.11.7) — misrlik ilohiyotchi, jamoat arbobi. Qohiradagi al-Azhar dorilfununida tahsil olgan (1869—77). Diniy-falsafiy qarashlari Jamoliddin Afgʻoniy gʻoyalari taʼsirida shakllangan. Milliy ozodlik kurashida ishtirok etganligi uchun hibsga olinib, soʻngra Misrdan chiqarib yuborilgan (1883— 88); 1884-y. da Parijda al-Afgʻoniy b-n birgalikda «Al-Urvat al-vusqo» («Mustahkam birlik») yashirin jamiyatini tuzdi, bu jamiyat musulmon ziyolilari orasida katta taʼsiri boʻlgan shu nomdagi gaz. ni nashr etgan. 1889-y. Misrga qaytib keldi; qozilik, al-Azhar dorilfununida mudarrislik qildi. 1898-y. «AlManar» jur. ga asos soldi. 1899-y. dan umrining oxirigacha Misr muftiysi boʻldi. Abdu ijtihod huquqini ilgari surib, islom aqidalarini oqilona talqin etish, baʼzi urf-odat va taqiqlarni yengillashtirish tarafdori boʻlib chiqdi. Jumladan Abduning musulmonlarga odam va hayvonlarni tasvirlashga, banklarga omonatlar qoʻyib ulardan foiz olishga, yevropacha bosh kiyim kiyishga ruxsat beruvchi va sh. k. fatvolari juda mashhur boʻlib ketdi. Abdu «Qurʼon tafsiri», «Risolat at-tavhid» («Yakkaxudolik toʻgʻrisida risola»), shuningdek shariat va taʼlim tizimini isloh qilishga oid 30 ga yaqin kitob muallifidir.