ABDULLA HOFIZ

ABDULLA HOFIZ Fayzullayev (1869, Namangan — 1944, Oʻsh) — xonanda. Oʻzbekiston xalq hofizi (1943) va Qirgʻiziston xalq artisti (1940). Namanganda tashkil etilgan havaskorlar toʻgaragi «Sharq truppasi» (1914 — 26) da, Oʻshdagi musiqali drama (1926 — 41), Yangiyoʻl musiqali drama va komediya teatrlari (1941 — 44)da ishlagan. «Ilgʻor», «Koʻcha bogʻi», «Eshvoy», «Girya», «Sodirxon Ushshogʻi», «Dugoh Husayniy», «Abdurahmonbegi», «Segoh», «Bayot», «Qalandariy» va b. ashula yoʻllarini mahorat bilan ijro etgan. Baland va shirali ovozi bilan oʻziga xos uslub yaratgan. Abdulla Hofiz ijrosidagi maqom va ashula yoʻllari Oʻzbekiston radiosida yozib olingan (1941).