ABDULLAYEV Saʼdulla (1945.12.5, Toshkent) — rassom, Oʻzbekiston BA haqiqiy aʼzosi (1997). P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurti (1961—66) va Leningrad (hoz. SanktPeterburg)dagi I. Repin nomidagi rassomlik, haykaltaroshlik va meʼmorlik in-ti (1967—73)da taʼlim olgan. 1973-y. dan M. Uygur nomidagi Sanʼat in-tida pedagog, 1997-y. dan Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn in-tida dotsent. Ijodini teatr dekoratsiyasi sohasida boshlagan. Abdullayev Navoiy teatrining «Soʻgʻdiyona qoploni», «Layli va Majnun» spektakllariga sahna bezaklari uchun andazalar tayyorlagan.
Abdullayev rangtasvirda samarali ijod qiladi: yoshlar hayoti va kundalik faoliyati, ruhiyati aniq tasvirlangan («Toshkentim» uchligi — triptixi: «Anhor boʻyida», «Yosh onalar», «Favvoralar» va b.) hamda oʻzbekona milliy ruh bilan sugʻorilgan («Oilam», «Buvam ertaklari», 1985 va b.) asarlar, portretlar («Toliba», «Husnoro portreta» va b.), manzaralar («Teatr maydoni tong otarda», «Teatr maydoni», «Teatr maydoni oqshom paytida» va b.) muallifidir. Abdullayev ijodida tarixiy mavzu alohida oʻrin tutadi: «Navoiy va Husayn Boyqaro» (1988), «Navoiyning Samarqanddan qaytishi» (1989), «Samarqand bahori» ikkiligi (diptixi, 1992), «Amir Temur Bibixonim masjidi qurilishini kuzatmoqda» (1993), «Amir Temurning dafn etilishi» (1996) va b.