ABDULLAYEV Fattoh (1914.16.1, Jambul – 1985.11.9, Toshkent) — oʻzbek tilshunosi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1984). Filol. fanlari d-ri (1961), prof. (1969), Leningrad davlat un-tini tamomlagan (1939). Toshkent davlat ped. in-tida (1939—44), Namangan davlat pedagogika in-tida (1944—47), Oʻzbekiston FA Til va adabiyot in-tida (1947 — 50 va 1957-y. dan), Xorazm davlat pedagogika in-tida (1950—56) ishlagan.
Ilmiy ishlari oʻzbek adabiy tilining tarixi, dialektologiyasi, leksikasi, fonetikasi, grammatikasi, shuningdek badiiy nutq masalalariga bagʻishlangan. A. Xorazm shevalarini tadqiq qilib, ularning dialektologik xaritasini tuzgan va tasnifini bergan.