ABDULLOH NADIM

ABDULLOH NADIM (1845-1896) — misrlik maʼrifatparvar, mutafakkir. Arablar ozodlik kurashining namoyandalaridan biri. Qohiradagi Al-Azhar madrasasida oʻqigan. 80 – y. larda Abdulloh Nadim taraqqiyparvar va vatanparvar ziyolilar bilan birgalikda inglizlar asoratiga qarshi kurashda faol qatnashgan, jurnallar nashr etib, mahalliy matbuotda xalqni kurashga chaqirgan. Bir qancha vatanparvarlar qatori Abdulloh Nadim ham oʻlim jazosiga hukm qilingan, lekin u qochib, 9 y. muhojirlikda taʼqib ostida yashagan. 1892-y. da unga Misrga qaytishiga ijozat berilgan, u yana jur. va gaz. nashr qilib, inglizlarga qarshi oshkora targʻibot olib borgan. 1893-y. mamlakatdan yana quvgʻin qilingan. Umrining oxirgi yillarini Istanbulda oʻtkazgan va oʻsha yerda vafot etgan. Abdulloh Nadim 20 dan ortiq asar yozgan, uning ijodi va faoliyati arab maʼrifatparvarlari, mustaqillik uchun kurashchilarning keyingi avlodlariga ijobiy taʼsir koʻrsatgan.