ABDUXOLIQ GʻIJDUVONIY, Xoja Abdulxoliq ibn Abduljamil Gʻijduvoniy (1103 — Gʻijduvon — 1179) — xojagon tasavvufiy tariqatining asoschisi va nazariyotchilaridan biri. Xojaiy Jahon nomi bilan ham mashhur. Uning tarjimayi holiga bagʻishlab nomaʼlum muallif yozgan «Zikri voqioti Xojaiy Jahon Abdulxoliq Gʻijduvoniy» asarining 1717-y. da koʻchirilgan nusxasi Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik in-tida saqlanmoqda. 9 yoshida Qurʼonni yod olgan. 10 yoshidan boshlab, darvishlarning zikrlarida faol ishtirok etgan. Buxorolik ilk ustozi Imom Sadriddindan tafsir ilmini oʻrganadi. 22 yoshida Yusuf Hamadoniy bilan uchrashib, uning muridiga aylanadi. Oʻzini ibodatu riyozatga mashgʻul tutib, butun hayoti davomida 5 asar bitadi. Bulardan «Maqomoti Xoja Yusuf Hamadoniy» («Xoja Yusuf Hamadoniy fazilatlari») asarida ustozining tarjimayi holi va uning taʼlimoti yoritiladi. A. F. Yusuf Hamadoniy taʼlimotini har tomonlama boyitib, amaliyotga zikri xufiyani olib kirdi hamda xojagonlik tariqatining 8 ta rashha (qonun-qoida)sini shakllantirib berdi. A. F. taʼlimoti keyingi davr yirik sufiylari tomonidan oʻrganilgan va sharhqilingan. Mas, «Maxdumi aʼzam» laqabi bilan mashhur boʻlgan Ahmad ibn Mavlono Jaloluddin Xojagiy Kosoniy Abduxoliq Gʻijduvoniyning 4 vasiyatini «Risolai chahor kalima» («Toʻrt soʻz haqida risola») asarida sharhlagan. A. F. tasavvufga oid taʼlimotining asosiy qismi Abdurahmon Jomiyning ustozi Mavlono Saʼduddin Koshgʻariy (1456-y. v. e.) ning «Risola» asarida bayon etilgan. A. F. qabri Gʻijduvon sh. da.