ABDUZOYIR SULOLASI — samarqandlik qoʻgʻirchoqbozlar avlodi: 1) Abduzoyir (1786—1860) — mehtar, surnaychi va qoʻgʻirchoqboz;
2) Novvot bobo (1835-1904) — qoʻgʻirchoqboz, doirachi, raqqos va sozanda. U qoʻgʻirchoq teatrining bir turi — «Chodir xayol» ustasi, xalq sanʼati anʼanalari asosida muvaqqat chodir teatri tashkil qilib, tomoshalar koʻrsatgan. Tomoshalarda boylar va chor amaldorlari hajv qilingan; 3) Quli bobo Novvotov (1882—1968) — qoʻgʻirchoqboz va surnaychi. 20 – y. lardan boshlab asosan, qoʻlga kiyiladigan qoʻgʻirchoqlar tomoshasini koʻrsatgan. Koʻpincha korfarmonlik qilgan: tomoshani boshqargan, surnayda joʻr boʻlgan, qoʻgʻirchoqlar bilan savol-javob qilgan. Uning surnayda dam qaytarmay chalgan «Dutor irogʻi», «Soqiynoma», «Siyna-xiroj» kabi kuylari kishiga zavq bagʻishlagan.