ADAPTATSIYA (lot. adaptatio — moslashuv) — 1) organizmning turli yashash sharoitlariga moslashishi;
2) sezgi aʼzolarining oʻziga taʼsir etadigan qoʻzgʻatuvchilarga moslashishi natijasida ularda sezgirlik darajasining oʻzgarishi (mas, koʻzning yorugʻlik yoki qorongʻilikka moslashuvi). Qoʻzgʻatuvchining taʼsir kuchi oʻzgarishi bilan sezgirlik ham oʻzgaradi. Qoʻzgatuvchilar sust taʼsir etganda sezgirlik oshadi, kuchli taʼsir etganda esa kamayadi. Adaptatsiya hodisasi hamma tashqi sezgilar (koʻrish, eshitish, hid, taʼm, badan sezgisi) ga xosdir. Taktil, harorat, hid va koʻrish sezgilarida Adaptatsiya kuchli, eshitish va ogʻriq sezgilarida kucheizdir. Ichki sezgilar (mas, tashnalik, ochlik) ga nisbatan Adaptatsiya hosil boʻlmaydi. Adaptatsiya organizmning normal hayot faoliyatini saqlab turishini, atrof muhitning turli omillari: t-ra va iqlimning oʻzgarishiga (q. Iqlimga moslashish), balandlikka (q. Balandlik kasalligi), koʻpgina infeksion agentlarga (q. Immunitet) moslanishini taʼminlaydi. Adaptatsiya reaksiyasi moddalar almashinuvi intensivligining uzluksiz oʻzgarib turishiga asoslangan. Odam organizmining moslashuv reaksiyasi (A. reaksiyasi)ni tez (spetsifik) va sekin (nospetsifik), tugʻma (tur evolyutsiyasi jarayonida shakllangan) yoki orttirilgan (har bir organizm uchun oʻziga xos) reaksiyalarga boʻlish mumkin. Mas, ogʻritadigan omil taʼsiriga javoban oyoq-qoʻlni tortib olish, jismoniy ish qilganda nafas olishning kuchayishi, qon oqimi hamda yurak faoliyatining tezlashishi va qonning qayta taqsimlanishi, qorongʻida koʻz yorugʻlik sezish layoqatining zoʻrayishi — bularning hammasi tugʻma tez Adaptatsiya reaksiyalaridir. Har bir kishining turli yashash sharoitlariga moslashish imkoniyati uning irsiyati, yoshi, sogʻligʻi va b. ga bogʻliq.