ADVOKATURA

ADVOKATURA — advokatlarning uyushgan koʻngilli jamoat tashkiloti. OʻzR Konstitutsiyasi 116-modda 2-qismida sud va tergov ishioʻi yuritish har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanishi, fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga (jismoniy va yuridik shaxslarga) yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat koʻrsatishi belgilangan. Advokatura tashkil etish va ish tartibi qonun bilan belgilanadi. «Advokatura toʻgʻrisida»gi Qonunda (1996-y. 27 dek.) taʼkidlanishicha, Advokatura — huquqiy muassasa hisoblanib, u advokatlik faoliyati hamda xususiy advokatlik amaliyoti bilan shugʻullanuvchi ayrim shaxslarning mustaqil, koʻngilli, kasbiy birlashmalarini oʻz ichiga oladi, OʻzR fuqarolari, ajnabiy fuqarolar, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga yuridik yordam koʻrsatadi, oʻz faoliyatini OʻzR Konstitutsiyasi 3-bobida koʻrsatilgan Konstitutsiya va qonunning ustunligi toʻgʻrisidagi prinsip hamda mustaqillik va b. demokratik prinsiplar asosida amalga oshiradi.

Advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani belgilangan tartibda olgan shaxs oʻz advokatlik byurosini ochib yakka tartibda faoliyat koʻrsatishga yoxud ixtiyoriylik asosida boshqa advokatlar (sheriklar) bilan hayʼatlar va firmalar tuzishga qaqdidir. Advokatlar byuro, hayʼat va firmalari, shuningdek, advokatlar birlashmalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar, Toshkent sh. hokimliklari adliya boshqarmalari tomonidan OʻzR Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda roʻyxatga olinadi. Advokatlar byuro, hayʼat va firmalarini tuzish, ular tuzilishi, shtatlari, vazifalari, mablagʻ sarflash tartibi, rahbar organlarining vakolatlari, ularni saylash tartibi hamda advokatlar byuro, hayʼat va firmalarining faoliyatiga doir boshqa masalalar ularning ustavlari (nizomlari) bilan tartibga solib turiladi. Advokatura notijorat tashkilotdir va faoliyatni oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiradi. Advokatura mablagʻlari, davlat bilan Advokatura oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar «Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida»gi OʻzR Qonunida (1998-y. 25 dek.) belgilab berilgan. Advokaturalar qonunda belgilangan tartibda advokatlarning jamoat birlashmalarini tuzishi mumkin (q. Oʻzbekiston advokatlar uyushmasi).

Prev Article

ADVENTIV AʼZOLAR

Next Article

ADVOR