AEROZOLLAR

AEROZOLLAR (aero… va lot. solutio — eritma) — gaz muhitida muallaq turadigan mayda-mayda qattiq yoki suyuq zarralardan tashkil topgan dispers tizimlar. Aerozollar dagi zarralarning kattaligi mm ning oʻn milliondan bir ulushidan tortib, bir necha mm gacha boradi (qor uchqunlari, yomgʻir tomchilari). Aerozollar qattiq yoki suyuq jismlarning maydalanishi, parchalanishi (mas, portlash vaqtida) yoki kondensatlanishi (mas, havodagi qattiq jism zarralari, gaz ionlari va b. da suv bugining toʻplanishi) natijasida, shuningdek kimyoviy reaksiya vaqtida (ammiak bilan vodorod xloriddan ammoniy xlorid olinganda) vujudga keladi. Aerozollarning muhim xususiyati zarralarning qarama-qarshi zaryadligidir, dispers muhitning zichligi va qovushomigi kichik boʻlganidan, bunday muhitdagi zarralar toʻxtovsiz harakat qilib turadi, buning natijasida ular oʻzaro toʻqnashib, osongina yiriklashishi mumkin (A. koagulyatsiyasi), yiriklashgan zarralar esa ogirlik kuchi taʼsirida dispers muhitdan ajraladi — dispers tizim buziladi. Aerozollarni parchalashda yuqori kuchlanishli elektr toki, markazdan qochirma kuch va ultratovushlardan, maxsus filtrlardan foydalaniladi. Meteorologiyada, havoni changdan tozalashda, harbiy ishda (tutun pardasi hosil qilishda), purkagich yordamida jismlarga lok yoki boʻyoq berishda va b. ishlarda Aerozollar muhim rol oʻynaydi.