AGROBIOTSENOZ

AGROBIOTSENOZ (yun. agro… va biotsenoz) — odamning dehqonchilik yuritish jarayonida (q. x. ekinlari ekish, bogʻlar barpo etish va b.) tarkib topgan muayyan hududlar (maydonlar)dagi har xil oʻsimlik va hayvon (mikroorganizm) lar jamoasi. Agrobiotsenoz organizmlarning tabiiy jamoadan farqi shundaki, uni tashkil qiluvchi komponentlarning soni, rivojlanish intensivligi va yashash muddati doimo inson faoliyati taʼsirida boʻladi. Agrobiotsenoz hayvonot olami, asosan hasharotlardan (koʻpchiligi zararkunanda) iborat. Muayyan turdagi begona oʻtlar b-n birga tirik organizmlarning shakllanishida madaniy oʻsimliklar belgilovchi shart-sharoit hisoblanib, Agrobiotsenozning energetik asosini tashkil etadi. Natijada har bir madaniy oʻsimlik turiga xos Agrobiotsenoz hosil boʻladi. Agrobiotsenoz flora va faunani anchagina oʻzgartirib yuboradi, shuning uchun ratsional Agrobiotsenoz yaratish uning komponentlarini aniq hisobga olishni, ular sonini boshqarishda ilmiy asoslangan usullarni qoʻllashni, kimyoviy vositalar (oʻgʻitlar, pestitsidlar va b.)dan toʻgʻri foydalanishni talab qiladi (yana q. Biogeotsenoz, Fitotsenoz).

Prev Article

AGROBIZNES

Next Article

AGROGIDROLOGIYA