AGROSANOAT MAJMUI

AGROSANOAT MAJMUI (ACM) — xalq xoʻjaligida q. x. xom ashyosidan aholining oziq-ovqat va xalq isteʼmoli tovarlariga boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlashda oʻzaro hamkorlikda faoliyat koʻrsatadigan tarmoqlar, korxonalar, faoliyat turlari majmui. ASM murakkab va koʻp tarmoqlidir. Uning i. ch. tuzilmasida q. x. va oʻrmon xoʻjaligi muhim ahamiyatga ega. ASM 3 sohani oʻz ichiga oladi:

1) q. x. (aholining tomorqa xoʻjaligi ham kiradi) va oʻrmon xoʻjaligi;

2) q. x. ga ishlab chiqarish vositalari yetkazib beradigan sanoat tarmoqlari — traktor va q. x. mashinasozligi, meliorativ va suv xoʻjaligi obyektlari qurilishi tarmoqlari, asosiy fondlar taʼmiri boʻyicha korxonalar, mineral oʻgʻit va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, biologik faol preparatlar i. ch., ozuqa va mikrobiol. sanoati, turli idishlar (tara) tayyorlash va b;

3) q. x. mahsulotlarini qayta ishlash va isteʼmolchiga yetkazib berish b-n band boʻlgan tarmoqlar (tayyorlov, qayta ishlash, saqlash, tashish, sotish va b.). Har bir tarmoq tarkibida i. ch. rivojining umumiy sharoitini taʼminlaydigan tarmoq infratuzilmalari muhim ahamiyatga ega (yoʻl-transport xoʻjaligi, moddiy-texnika taʼminoti, elektr, gaz, suv taʼminoti, aloqa, omborxona elevator xoʻjaligi, ulgurji va taqsimot bazalari va b.). Shuningdek, ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari, mutaxassislar va rahbar xodimlar malakasini oshirish f-tlari, ixtisoslashgan texnikum va ishlab chiqarish-texnika bilim yurtlari, tarmoq i. t. instituti va laboratoriyalari, IIB, loyiha va in-tlari hamda tashkilotlari, konstruktorlik byurolari, tajriba va davlat sinov st-yalari tizimi ASMni shakllantiradigan tarmoqlar qatorida turadi.

Oʻzbekiston ASMda q. x. mahsulotlarini birlamchi un-yorma, yogʻ-moy (paxta moyidan tashqari), goʻsht, sut, meva-konserva, vinochilik sanoati) va ikkilamchi (non, makaron, konditer, paxta moyi, goʻsht, sut konservasi va mahsulotlari, oziq-ovqat konsentratlari) qayta ishlaydigan tarmoqlar va sohalardan iborat oziq-ovqat sanoati, texnika ekinlarini birlamchi (paxta, lub ekinlari, tamaki) va ikkilamchi (ip gazlama, toʻqimachilik sanoati, lub tolalari, tamaki-maxorka mahsulotlari) qayta ishlaydigan tarmoq va sohalarni oʻz ichiga olgan yengil sanoat muhim ahamiyatga ega.

ACM hududiy xususiyatlar va ishlab chiqarayotgan eng muhim pirovard mahsulotiga qarab tizimlarga boʻlinadi. Hududiy xususiyatiga koʻra mamlakat va viloyat, tuman ASM mavjud. Ishlab chiqarayotgan pirovard mahsulot boʻyicha don, paxta, meva-sabzavot, chorvachilik va b. majmuaga boʻlinadi.

Oʻzbekiston tarixan rivojlangan paxtachilik, suv xoʻjaligi, mashinasozlik z-dlari, oʻgʻit va pestitsidlar ishlab chiqaradigan z-dlar, paxta tozalash korxonalari, yogʻ-ekstraksiya z-dlari, toʻqimachilik sanoati, ixtisoslashgan ilmiy muassasalarga ega. OʻzR iqtisodiyotida ASM hissasiga yalpi mahsulotning 50% dan ortiqrogʻi, asosiy i. ch. fondlarining 40% dan ortigʻi, xalq xoʻjaligida band aholining 45% ga yaqini toʻgʻri keladi. Oʻz navbatida Respublika ASMda paxtachilik agrosanoat majmui (PASM) eng yuqori salmoqqa ega. Respublikada chorvachilik-sanoat majmui PASMdan keyingi oʻrinda turadi.

Tolibjon Turgʻunov.

Prev Article

AGRONOMIK RUDALAR