AHMEDOV Yoqub (1938.3.1, Namangan) – Oʻzbekiston xalq artisti (1974). Toshkent sanʼat in-tini tugatgan (1959). 1958-y. dan Hamza teatrida. Dastlabki yillar yaratgan Ali Qushchi (M. Shayxzoda, «Mirzo Ulugʻbek»), Murod (Uygʻun, «Parvona»), Leyster (F. Shiller, «Mariya Styuart») kabi rollari bilan oʻz ijod yoʻlini belgilab oldi. Ahmedov ijodi ijtimoiy va gʻoyaviy mazmunga toʻla, ufqi keng, koʻp qirrali. Qahramon xattiharakatlarini toʻgʻri gavdalantirish bilan birga uning ruhini, tafakkur kuchini, fikr va hissiyotlar toʻlkinini, uning kayfiyatini, buyuk insoniy fazilatlarini ochishga intiladi. Eng yaxshi rollari: Hakimboyvachcha (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), Sakson Nurtoyevich (O. Jahonova, «Hazrati ayol»), Toʻlagan (A. Ibrohimov, «Puch»), Kayxisrav (S. Sirojiddinov, «Toʻmaris»), Alisher Navoiy (Uygʻun, I. Sulton, «Alisher Navoiy»), Ikromjon (S. Ahmad, «Ufq») va b. Kinoda: Furqat («Furqat»), Amir Olimxon («Qora konsulning halokati»), Shayx Ismoil («Olovli yoʻllar»), Sultonali («Zulmatni tark etib…»), Ota («Ketma»), Azizbek, Yusufbek hoji («Oʻtgan kunlar») kabi rollari bilan tanildi. Shuningdek, bir qancha videofilmlarda ham turli xarakterdagi kishilar obrazini yaratdi: Muhiddin (O. Yoqubov, «Ulugʻbek xazinasi»), Rasul Olloyorovich (Oʻ. Usmonov, «Girdob»), Alisher Navoiy (Oybek, «Alisher Navoiy»), Sandro (N. Dumbadze, «Abadiyat qonuni») va b. Alisher Navoiy obrazini Ahmedov oʻziga xos talqin etdi. «Doʻstlik» ordeni bilan mukofotlangan (1997).