Knowledge Base
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

AHOLI ROʻIXATLARI

AHOLI ROʻIXATLARImamlakat yoki muayyan hududda maʼlum vaqt yoki davrda yashayotgan aholining demografik, iqtisodiy va ijtimoiy maʼlumotlarining jarayoni toʻplami. Baʼzan Aholi roʻixatlari tushunchasiga, shuningdek ushbu maʼlumotlarni yigʻish, ishlash va nashr etishni ham qoʻshadilar. Aholi roʻixatlari ilmiy talablarga hamda amaliyot ehtiyojlariga javob berish, aholi soni, tarkibi va joylashishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish maqsadida oʻtka-ziladi. Aholi roʻixatlari oʻtkazilganda uyma-uy yurib, har bir yashovchi haqida maʼlumot yigʻiladi.

Aholi roʻixatlarini oʻtkazish boʻyicha bir qancha ilmiy tamoyillar mavjud. Ularning ichida jami voqea va hodisalarni qamrab olish tamoyili eng muhimi hisoblanib, roʻyxat oʻtkazilayotganda muayyan joydagi jami aholi qamrab olinishi shart. Faqat shundagina Aholi roʻixatlari oʻtkazilayotgan hududdagi demografik jarayonlar toʻgʻrisida toʻlaqonli maʼlumot olish mumkin. Aholi roʻixatlari-ga demografiya belgilari (jinsi, yoshi, oilaviy holati), iqtisodiy belgilari (mashgʻuloti, iqtisodiy faoliyat sohasi yoki turi), maʼlumoti (savodliligi, maktabga borishi), etnik alomatlari (millati, tili, baʼzan dini) va h. k. maʼlumotlar olinadi. Ayrim aholi guruhlari uchun nikohga kirgan oy-kuni, tugʻilgan bolalari soni ham olinadi. Ar. da koʻpincha oila (uy sohibaligi), kim oila boshligʻi ekanligi hisobga olinadi. Ushbu maʼlumotlar vaqn va hudud doirasida takkrslashga yaroqli boʻlishligi uchun, jami aholiga bir xil mazmundagi savollar taqdim qilinishi kerak, yaʼni mamlakat miqyosida Aholi roʻixatlari yagona dastur asosida oʻtkazilishi shart. Bunda BMT tomonidan berilgan tavsiyalarga tayaniladi. Aholiga tegishli maʼlumotlar aniq boʻlishligi uchun ularni har bir kishidan shaxsan olinadi. Roʻyxat odamlarning oʻz joyida muqim yashab turgan davrida, yaʼni asosan qishda qisqa muddatda, bir necha kun yoki hafta mobaynida oʻtkaziladi, lekin barcha maʼlumotlar kritik (jiddiy) lahzasi (odatda roʻixatga olishning birinchi kuni) da olinadi — shungacha oʻlganlar va tugʻilganlar koʻrsatilmaydi. Javoblar roʻyxat varakalariga yagona nusxada yoziladi.

Aholi roʻixatlari aholi soni va tarkibi haqidagi maʼlumotlarni maʼlum bir sanaga moʻljallab berishi lozim. Shartni bajarish uchun roʻyxat oʻtkazish boʻyicha sana va hatto vaqti aniq koʻrsatilishi kerak. Mazkur vaqt roʻyxatning kritik lahzasi deyiladi. Qadimdan aholini hisobga olishning xilma-xil usullari mavjud boʻlgan. Yunoniston, Bobil (Mesopotamiya), Misr, Rim, Xitoy va Yaponiyada aholi hisobga olinganligi tarixiy manbalardan maʼlum. Ular asosan fiskal (soliq olish) va harbiy maqsadlarni koʻzlagan holda oʻtkazilib, odatda faqat erkaklarni, yaʼni harbiy harakatlarda ishtirok etish hamda soliq toʻlash imkoniyati bor shaxslarni qamrab olgan. Qad. Rimda oʻtkazilgan hamda podsho Serviy Tulliy (mil. av. 6-a.) nomi bilan bogʻliq boʻlgan fuqarolar hisobi (senzi) maʼlum. Mil. av. 510-y. dan 30 y. gacha boʻlgan davrda senzlar xar 5 y. da oʻtkazilib turgan. Jami Aholi roʻixatlari soni va tarkibi haqidagi roʻyxat birinchi marta 1790-y. da AQSH da oʻtkazilgan. 1801-y. da Buyuk Britaniya, Fransiya, Daniya va Norvegiyada oʻtkazilgan.

19-a. ning oʻrtalariga kelib Yevropa mamlakatlarida maxsus statistik tashkilotlar barpo qilinganligi Aholi roʻixatlarini sifatli oʻtkazishning muhim omili boʻldi. Dunyo mamlakatlarida 1870—79 y. larda 48 ta, 1880—89 y. larda 54 ta, 1890—99 ylarda 57 ta, 20-a. ning dastlabki oʻn yilligida 74 ta Aholi roʻixatlari oʻtkazildi. Aholi roʻixatlari 20 – a. ning boshida yer yuzi jami aholisining 64% ni qamrab oldi. 2-jahon urushidan keyin Aholi roʻixatlari oʻtkazish yana ham keng tus oldi. Aholi roʻixatlari 1945—54 y. larda 168 mamlakatda, 1969—74 ylarda 179 mamlakatda oʻtkazildi. Hoz. vaqtda Aholi roʻixatlari dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida oʻtkazilmoqda.

Iqtisodiy jihatdan qoloq hamda Aholi roʻixatlarini oʻtkazish imkoniyatlariga ega boʻlmagan mamlakatlar istisno hisoblanadi. Sobiq Ittifoqda 1920, 1923, 1926, 1937, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989-y. larda Aholi roʻixatlari oʻtkazilgan.

Abduhakim Qayumov.