AHOLI XARITALARI — aholining joylanishi va aholini joylashtirish, uning tarkibi va qayta tiklanishi, aholini koʻchirish va ijtimoiyiqtisodiy xususiyatlarni koʻrsatadigan xaritalar. Aholi xaritalari hududni iqtisodiy geografik baholash, xalq xoʻjaligini rejalashtirish, ijtimoiy xizmat va madaniy qurilish masalalarini hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Aholi xaritalari – ni tuzishda har xil xaritagrafik usullardan: belgilar, xaritadiagramma, xaritagramma, chiziqli belgilar (epyuralar), nuqtalar, areallar va b. lardan foydalaniladi. Aholi xaritalari mazmuniga koʻra aholining joylanishi va uni joylashtirish xaritalariga, demografik, etnografik-antropologik va ijtimoiy-iqtisodiy xaritalarga boʻlinadi.
Oʻzbekiston aholisi 1980-y. da Oʻzbekistonning oʻquv-oʻlkashunoslik atlasida, 1985-y. da 2 jildli Oʻzbekistonning ilmiy-maʼlumotnomali atlasida oʻz ifodasini topgan. Toshkentning 2000-yilligiga bagʻishlab nashr etilgan maxsus geografik atlasda Aholi xaritalari berildi. 1992-y. Oʻzbekiston Respublikasi FA Geografiya boʻlimi 1:1 mln. masshtabli Oʻzbekiston aholisining milliy tarkibi xaritasini nashr etdi.