AJZIY (taxallusi; asl ismi Saidahmad Hasanxoʻja oʻgʻli Siddiqiy) (1864 — Samarqand — 1927) — maʼrifatparvar shoir, tarjimon. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi (1926). Samarqand, Buxoro madrasalarida oʻqigan. Arab, fors, ozarbayjon tillarini mukammal bilgan. Keyinroq rus tilini ham oʻrgangan. 1901—03 y. larda Kavkaz, bir qator Arab mamlakatlari va Rossiyaga sayohat qilgan. Jiddada maʼlum muddat rus elchixonasida tarjimon boʻlgan. Samarqandga qaytgach, shahar yaqinidagi Halvoyi qishlogʻida yangi usuldagi maktab ochib, oʻqituvchilik qilgan. L. Tolstoy hikoyalarini, Krilov masallarini, Gogolning «Shinel» povestini oʻzbek va tojik tillariga tarjima qilgan (1908 — 10). Darslik yozib, tarjimalaridan namunalar kiritgan. Ajziy 80-y. lardan sheʼr yoza boshlagan. «Ayn uladab» («Odob chashmasi», 1916), «Ganjinai hikmat» («Hikmat xazinasi», 1914) kabi-sheʼriy toʻplamlari, «Mirʼoti ibrat» («Ibrat oynasi», 1914), «Anjumani arvoh» («Arvohlar yigʻini», 1912) dostonlari nashr qilindi. «Mirʼoti ibrat»da Turkistonning oʻsha davrdagi fojiali ahvoli va undan qutulish choralari haqida bahs yuritgan. Ilmfan, davlat, til, qonun — bularsiz hech bir millatning istiqboli yoʻq, bu toʻrt narsani qoʻlga kiritmagan millat halokatga mahkumdir, deydi. «Anjumani arvoh»da esa xonlikdagi turgʻunlik tanqid qilingan. Sheʼrlari chuqur fal-safiy mazmuni, ijtimoiy-siyosiy mushohadalari, Fuzuliy va Bedilona uslubi bilan ajralib turadi. U milliy uygʻonish davrining barcha shoirlari singari keng ommani maʼrifatga boshlash, haq-huquqini anglatishni adabiyotning bosh mavzui deb bildi.
Ajziy 1917-y. fev. inqilobidan keyin ijtimoiy harakatda bevosita ishtirok etdi. 1918—21 y. da Viloyat Adliya komissari lavozimida ishladi. 1922y. dan yana oʻqituvchilikka qaytgan. Samarqandda oʻzbek va tojik tillaridagi «Mashrab», «Mulla Mushfiqiy» kabi hajviy jur. larni, «Zarafshon» gaz. ni chiqarishda faol ishtirok etgan. «Mayna», «Ginagina», «Shashpar», «Tir», «Gumnom», «Olmos» imzolari bilan hajviy asarlar yozgan. Ularda shoʻro tuzumida yuz berayotgan oʻzgarishlarni xushlamaslik, kelajakdan xavotirlanish kayfiyatlari seziladi. 1903-y. da Halvoyi qishlogʻida shoirning oʻzi qurdirgan maktab hali ham bor, hozir uning nomida.
As.:Siddiqiy — Ajziy, Tanlangan asarlar, T., 1973.
Ad.: Qosimov B., Maslakdoshlar, T., 1994.