AKADEMIYA (yun. — Akademos — afsonaviy qahramon Akadem nomidan) — koʻpgina ilmiy muassasa, jamoat tashkilotlari, oʻquv yurtlarining nomi. Mil. av. 4 – a. da Platon (Aflotun) asos solgan yunon falsafiy maktabi (q. Platon akademiyasi), Afina yaqinidagi joy ham uning nomi bilan atalgan. Sharq mamlakatlarida Akademiya tarzidagi muassasa va jamiyatlar 8—9-a. larda tarkib topa boshlagan. Xususan, arab xalifaligida Horun ar-Rashid hukmronligi davri (786—809) da «Bayt ul-hikmat» («Hikmat xonasi»)ga asos solinib, xalifa Maʼmun hukmronligi davri (813 — 833)da «Bayt ul-hikmat»ning faoliyati yanada rivoj topgan, uning rasadxonasi va katta kutubxonasi boʻlgan (buyuk matematik Muso Xorazmiy va astronom Ahmad Fargʻoniy shu yerda ishlagan). Mashhur olim va shoir Ibn Xamdon (935-y. v. e.) Mosul sh. da kutubxonali «Dor ul-ilm» («Ilm uyi») ochgan va bu joy ilmga intilganlarning kirishi uchun bemalol boʻlgan. Bunday Alar Bagʻdodda, shuningdek Misrda ham ochilgan. 1010-y. da Urganchda Mamun akademiyasiga asos solingan. Abu Rayhon Beruniy shu Akademiyaning rahbari boʻlgan (bu Akademiya doirasida Abu Ali ibn Sino, faylasuf Abu Saxl Masihiy, tabib Abulhasan Hammor va b. ish olib borishgan). Amir Temur tomonidan Samarqandda toʻplangan olim, yozuvchi va meʼmorlar 15 – a. fani va madaniyati taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshganlar. Ulugʻbek madrasasi va rasadxonasi ham oʻz davrining Akademiya sidir (q. Ulugʻbek akademiyasi); bu A. Qozizoda Rumiy, Gʻiyosiddin Jamshid al-Koshiy, Ali Qushchi va b. buyuk matematik hamda astronomlarni birlashtirgan. 15 – a. ning 2 – yarmida ilmiy va madaniy markazga aylangan Hirotda, Navoiy atrofida olim, yozuvchi, rassom, sozanda va b. dan tarkib topgan oʻziga xos ilmiy va badiiy jamiyat yuzaga kelgan. Hirot miniatyura maktabinn oʻrta asr Sharqida davlat tomonidan taʼsis etilgan birinchi badiiy Akademiya deb hisoblash mumkin (Behzod shu Akademiyaning eng yirik vakilidir). 15—16-a. larda Yevropada (Italiyada) turli ilmiy jamiyatlar Akademiya deb atala boshlagan; ularning faoliyati asosan ijtimoiy fanlar yoʻnalishida boʻlgan. 17-a. da bir qancha ilmiy jamiyatlar — A. lar tuzilib, ular asosan tabiatshunoslik masalalari bilan shugʻullangan. 17-a. ning 2 – yarmidan davlat hokimiyati yordami bilan bir qancha mamlakatlarda milliy ilmiy markaz sifatidagi Akademiyalar tuzildi; mas, Londondagi Qirollik jamiyati (1660), Parij FA (1666), Berlindagi Prussiya FA (1700), Peterburg FA (1724). Hoz. vaqtda kompleks turdagi FA yoki ularga oʻxshash muassasalar koʻp mamlakatlarda bor; bu mamlakatlarning koʻplarida fan yoki madaniyatning biror tarmogʻini qamragan soha Akademiya lari ham mavjud.
Oʻzbekistonda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi mamlakatning oliy ilmiy tashkiloti hisoblanadi; Oʻzbekistonda Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi ham mavjud. Oʻzbekiston va baʼzi mamlakatlardagi ayrim oliy oʻquv yurtlari ham Akademiya deb ataladi (mas, OʻzR Qurolli Kuchlarining Harbiy Akademiyasi, OʻzR Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Rossiyadagi K. A. Timiryazev nomidagi Moskva Qishloq xoʻjalik A. si). Shuningdek respublikamizda Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi ham faoliyat yuritadi. Mamlakatlar FA haqida shu mamlakat FA haqidagi alohida maqolalarga q., mas, Avstriya Fanlar akademiyasi, Ukraina Fanlar akademiyasi.