Knowledge Base
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

AKTINOMITSETLAR

AKTINOMITSETLAR, nursimon zamburugʻlar — shoxlangan hujayralar yoki giflarni hosil qiluvchi bakteriyalar. Ular tuzilishida zamburugʻlarga xos xususiyatlar ham mavjud. Aktinomitsetlarga chin A., mikobakteriyalar, streptomitsetlar va b. kiradi; 700 ga yaqin turi bor. A. substratdan nursimon oʻsib chiqqan ingichka ipchalardan iborat (nursimon zamburugʻ nomi shundan kelib chiqqan). Ipcha (mitseliy) shoxchalarining uchida sporalar boʻladi. Aktinomitsetlar shu sporalardan koʻpayadi. Tuproq, suv havzalari, havo va oʻsimlik qoldiqlarida uchraydi. Baʼzilari odam va hayvonlarda (aktinomikoz, sil, difteriya), shuningdek oʻsimliklarda parazitlik qiladi. Antibiotiklarni hosil qiluvchi turlari (asosan, streptomitsetlar), pigmentlar, vitaminlar va sh. k. dan mikrobiologiya sanoatida foydalaniladi, shuningdek doridarmonlar (antibiotiklar) olinadi.

Prev Article

AKTINOMIKOZ

Next Article

AKTINON