ALI ibn Abu Tolib (taxm. 600-661, Koʻfa) — islomda «xulafo ar-roshidin» («toʻgʻri yoʻldan borgan xalifalar»), dindorlar oʻrtasida «choryorlar» deb atalgan dastlabki 4 xalifadan toʻrtinchisi. Quraysh qabilasining hoshimiylar xonadonidan. Muhammad (sav)ning amakivachchasi va kuyovi (Fotimaning eri). Islomda vujudga kelgan shialik harakati bevosita Ali ismi bilan bogʻliqdir. 7 – a. oʻrtalarida xalifa Usmon siyosatidan norozilik ommaviy tus oldi. Muhammad(sav)ning barcha yurishlarida ishtirok etgan, qoʻrqmas va sodiq jangchi, oʻta taqvodor inson, mohir notiq Ali xalifalikka munosib nomzod sifatida koʻpchilikka maʼqul edi. 656-y. iyunida Usmon oʻldirildi va Ali xalifa deb eʼlon qilindi. Ammo sahobalardan Talha va az-Zubayr hamda Aliga nisbatan adovatda boʻlgan paygʻambarning bevasi Oysha tarafdorlari unga qarshi bosh koʻtardilar. Qatl etilgan Usmonning qarindoshi Suriya hokimi Muoviya ham Aliga qarshi urush eʼlon qildi. 657-y. Furot daryosi oʻng qirgʻogʻidagi Siffin degan joyda yuz bergan jangda Ali qoʻli baland kelgan boʻlsada, u raqiblari bilan kelishishga koʻndi. Bundan norozi boʻlgan Ali askarlaridan 12 ming kishi jang maydonini tark etdilar va xorijiylar deb atalgan diniy-siyosiy oqimni tashkil qildilar. Xorijiylar raqiblariga nisbatan yakka terror usulini qoʻllay boshladilar. 661-y. 19 yanv. da Ali Ibn Muljam degan shaxs tomonidan masjiddan chiqish paytida jarohatlandi va ikki kundan soʻng vafot etdi. Islomda Ali shaxsiga munosabat turlichadir. Xorijiylar unga oʻta salbiy munosabat bildirgan boʻlsalar, shialar aksincha uni ilohiylashtirib yuborganlar. Ahli sunna A. shaxsiga moʻtadil va toʻgʻri baho beradi. Shubhasiz, Ali Umar ibn al-Xattob singari islom gʻalabasi yoʻlida katta xizmat koʻrsatgan arbob, islom ahkomlari, Qurʼon va uning tafsirlari hamda hadis rivoyatlari bilan bogʻliq koʻp masalalarning chuqur bilimdoni boʻlgan. Ali tarafdorlari keyinchalik islomdagi shialik (arab. — «shia» — guruh, bu oʻrinda «Ali tarafdorlari» mazmunida) oqimini tashkil etganlar. Ali shialarning 1-imomi va shia imomlari shajarasini boshlab beruvchi hisoblanadi. Shialar oʻrtasida Alining qahramonliklari va sarguzashtlarini tasvirlovchi juda koʻp rivoyatlar toʻqilgan va bu sunniylar oʻrtasida ham keng yoyilgan. Shia yoʻnalishining baʼzi ashaddiy firqalari Ali shaxsini ilohiylashtirib, uni Muhammad paygʻambardan ham yuqori qoʻyadilar. Oʻrta Osiyo, xususan, Oʻzbekistonda bir necha qadamjo va mozorlar Ali nomi b-n bogʻlanib, muqaddaslashtirilgan. Haqiqatda esa Ali Oʻrta Osiyo va Eronda hech qachon boʻlmagan.
Ahadjon Hasanov.