AMAL

AMAL (arab. — ish, faoliyat, harakat) — 1) mansab, lavozim, hunar;

2) meʼmorlikda koʻpincha eski imoratlarda meʼmor yoki ustaning dastxati shu soʻz b-n boshlanadi. «Amali usto…» kabi;

3) hisoblashdagi toʻrt Amal — qoʻshish, olish, koʻpaytirish, boʻlish;

4) tibbiyotda taʼsir qilish. Mas, chechakka qarshi emlangan joy boʻrtib, qora qoʻtir boʻlib koʻchib tushsa yoki biror kasallikka qarshi dori berilganda bemor sogʻayib ketsa, dori Amal qilgan boʻladi;

5) islom ilohiyotida din aqidalariga ishonishdan tashkari dindor oʻz faoliyati va harakati bilan bajarishi lozim boʻlgan barcha vazifalar va savob ishlarni ifoda etuvchi tushuncha. A. umumiy mazmunda diniy marosimlar, urf-odatlar bilan bogʻliq vazifalarni oʻz ichiga oladi. Qurʼonda «Amal» soʻzi juda koʻp suralarda keladi, bunda musulmonlar tomonidan bajariladigan yaxshi, foydali ishlar ham, shayton tomonidan odamlarga qarshi qilinadigan yomon, zararli ishlar ham tushuniladi; 6) musiqada — oʻtmishda kuy yoki ashulaning maʼlum uslubda yaratilgan shakli. Navoiy va Bobur asarlarida, Kavkabiy va Darvishali Changiyning «Risolai musiqiy» asarlarida Amallar va ularni yaratgan bastakorlar haqida maʼlumotlar berilgan. Kavkabiyning yozishicha, agar bir necha kuy tuzilmalarida sarxona, miyonxona va bozgoʻy kabi unsurlar boʻlib, unga maʼlum oʻlchovdagi sheʼr asos qilib olingan boʻlsa, Amal hisoblanadi. Darvishalining aytishicha, Amal cholgʻu muqaddima (mustahal) bilan boshlanadigan ashuladir. Unda oʻrta registrda ijro etiladigan miyonxona va qaytarma qism — bozgoʻy boʻlishi shart. Amal hoz. Shashmaqomda ham uchraydigan taronalarning yirikroq shaklidir. Yozma manbalarda Amali tarona ham uchraydi. Bu tarona shaklidagi Amal dir.