AMIR

AMIR (arab. — amr qiluvchi, boshliq, hokim) — lashkarboshi, hokim, bek. Arab xalifaligining dastlabki xalifalari va umaviylar davrida alohida qoʻshin qoʻmondonlari Amir deb atalib, ular odatda zabt etilgan viloyatlarga noib etib tayinlanganlar. Xalifalarga Umar ibn al-Xattobdan boshlab «Amir al-moʻminin» («Moʻminlar Amir i») unvoni berilgan. Abbosiylar davrida Amir odatda xalifalarning oliy hukmdor ekanligini tan olgan hokimlar, shuningdek xalifalikka nomigagina qaram boʻlgan sobiq noiblar (agʻlabiylar, tuluniylar, tohiriylar) yoxud qurol kuchi b-n oʻzlari davlat barpo etgan mustaqil hokimlar (safforiylar, taznaviylar, buvayhiylar); ularni 10-a. da sultonlar deb ham atay boshlashgan. 10-a. oxiri — 11-a. boshida Amir deb turli tabaqaga mansub hokimlar va lashkarboshilar (ayyubiylar, mamluklar davlatlari va b. da) atalgan. Oʻrta asrlarda Movarounnahr xonliklarida Amir ul-umaro, Amiri shikor mansablari mavjud boʻlgan. Oltin Oʻrda, soʻngra Movarounnahr va Eronda moʻgʻullar istilosidan soʻng Amir deb uluslar boshliqlari atalgan (bek yoki noʻyon maʼnosida). Bu unvonni Amir Temur ham olgan; temuriylar sulolasiga mansub shahzodalar Amirzoda (amir oʻgʻli) deb atalib, mirzo uning qisqartirilgan shaklidir. 18-a. oxiridan eʼtiboran Buxoro xonligi hukmdorlari oʻzlarini Amir deb atay boshlaganlar. Safaviylar Eronida Amir — viloyat hokimlari (odatda qabila boshliqlari, xonlar va sultonlar), Afgʻonistonda Amir unvonini barakzoylar sulolasi hukmdorlari Doʻstmuhammadxondan boshlab olganlar. 20-a. da monarxik arab davlatlarida (mas, Saudiya Arabistonida) Amir — hukmron sulolaning valiahd shahzodalari.

Prev Article

AMINOFENOLLAR

Next Article

AMIR al-MOʻMININ