AMIRQULOV Husan (1940.18.2, Qashqadaryo viloyati, Boyterak qishlogʻi) — Oʻzbekiston xalq artisti (1997). Toshkent davlat sanʼat in-tini tugatgach (1963), Surxondaryo (1963—66), Sirdaryo (1966-74), Jizzax (1974-79) teatrlarida ishlagan, 1979-y. dan Qashqadaryo teatrida. Asosiy rollari: Gʻani («Aldangan qiz»), Murod («Parvona»), Ferdinand («Makr va muhabbat»), Alisher Navoiy («Alisher Navoiy»), Aldar koʻsa («Addar koʻsa»), Moʻmin («Oltin devor»), Saʼdiyev («Oʻn uchinchi rais»), Abulfayzxon («Abulfayzxon»), Amir Temur («Amir Temur») va b. A. yaratgan obrazlari oʻzining toʻlaqonliligi, ijroda davr nafasini mohirona yetkaza olishi, tarixiy asarlarda yaratgan oʻziga xos, boy sahna chizgilari bilan ajralib turadi. Xalqaro Ahmad Yassaviy mukofoti laureati (1993).