ANABENA (Anabaena Bory) — koʻk-yashil suvoʻtlar boʻlimiga mansub oʻsimliklar turkumi. Koʻpincha chuchuk suv va tuproqda oʻsadi. Anabena qulay sharoitda tez koʻpayib, suvning «gullashi»ga sabab boʻladi. Anabenaning bir necha turi havodagi erkin azotni oʻzlashtirib, turli murakkab organik birikmalar hosil qilish xususiyatiga ega. Shuning uchun ulardan tuproq unumdorligini oshirishda foydalaniladi. Oʻrta Osiyo suv havzalari va tuproqlarida Anabenaning 60 ga yaqin turi bor.