«ANDIJON POLKASI» XALQ RAQS ANSAMBLI — Andijon sh. madaniyat uyida 1957-y. da tashkil qilingan. 1983-y. «xalq ansambli» unvoni berilgan. Ansamblning asosiy maqsadi oʻz ijodi davomida oʻzbek yigitlar raqsini qayta tiklash, rivojlantirish, yoshlarga oʻrgatishdir. Repertuari oʻzbek xalq kuy, qoʻshiq va raqslaridan iborat. 40 nafar ijrochisi bor (1997). «Marhabo, talantlar», «Chashma», «Raqs» koʻrik va teletanlovlari gʻolibi. Ansambl ijodiy faoliyati haqida «Men raqsga tushmoqchiman» nomli telefilm ishlangan. A. Meliboyev, S. Abdumajidov, A. Yunusov, M. Moʻminov, V. Qodirov, M. Qodirov va b. ansamblning yetakchi raqqoslari. Ansamblning badiiy rahbari — Abdugʻaffor Qodirov. Ispaniya, Bolgariya, Ukraina, Ozarbayjon, Gruziya, Moldaviya mamlakatlarida gastrolda boʻlgan.