ANDRONOVO MADANIYATI — mil. av. ikkinchi ming yillikning ikkinchi yarmi va birinchi ming yillikning boshida yashagan chorvador va dehqon qabilalarining madaniyati. Andronovo madaniyati yodgorliklari Minusinsk, Shim.sharqiy va Markaziy Qozogʻiston, Ob daryosining yuqori oqimi, Chelyabinsk viloyatining oʻrmon va dashtlarida, qisman Oʻzbekiston, Kirgʻiziston yerlarida tarqalgan. Bu madaniyatga oid yodgorlikni birinchi bor 1914-y. da Ya. A. Tugarinov Achinsk st-yasi yaqinidagi Andronovo qishlogʻida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida topgan va 1920—23 y. larda S. A. Teplouxov uni Andronovo madaniyati nomi bilan fanga kiritgan. Andronovo madaniyatiga doir yodgorliklar dastlab S. P. Tolstov tomonidan 1938-y. da qad. Xorazmning Koʻkcha daryo sohillaridan topib oʻrganildi va unga tozabogʻyop madaniyati nomi berilgan. Keyinchalik Ya. F. Gʻulomov va A. Asqarovlar bu madaniyatga doir yodgorliklarni Zarafshonning quyi oqimi r-nlaridan topib oʻrgandilar. Bu davr mozor va manzilgoxlari Tosh-kent atrofida, Moʻminobodda (Samarqand viloyati), Fargʻona vodiysida (Karamkoʻl, Vodil mozorlari), Qayroqqumda koʻplab oʻrganilgan. Andronovo madaniyati aholisi yarim yer toʻla shaklidagi kulbalarda yashagan; mozorlari yorma goʻr boʻlib, murdalar oyoq-qoʻllari buqilgan, chapga yonboshlatilgan, boshi jan.-gʻarbga qaratilgan holda, koʻpincha kiy-im-kechagi, jezdan yasalgan bezak buyumlari bilan dafn etilgan. U davr qabilalari daryo boʻylarida dehqonchilik, adirlarda chorvachilik bilan shugʻullangan. 1997-y. Tojikistondagi Kizilsuv daryosi havzasidan Andronovo madaniyatiga doir yodgorlik — jamoa boʻlib dafn qilingan bolalar qabri topildi. 10—11 yoshli bolaning oyoqlari yonidan chiqqan koʻplab jez munchoqpar, ilgaksimon kumush taqinchoq, sopol idishlar muhim ilmiy ahamiyatga ega.