ANGLIYA-ROSSIYA BITIMLARI

ANGLIYA-ROSSIYA BITIMLARI (1873, 1885, 1907) — 1873-y. bitimi Angliya va Rossiya hukumatlari oʻrtasida 1872-y. okt. — 1873-y. yanv. da boʻlgan muzokaralar natijasida Turkiston «bufer» poyasi — oraliq yerlari haqida tuzilgan. Bu bitim Rossiya va Angliyaning Turkistondagi taʼsir doiralari chegaralariii va Afgʻoniston amirligining shim. chegaralarini belgiladi. Bitim Turkistondagi ingliz-rus qarama-qarshiligini vaqtincha yumshatdi.

1885-y. bitimi Afgʻoniston chegaralarini belgilash toʻgʻrisida Londonda 29 avg. (10 sent.)da imzolangan. Bitim Angliya va Rossiyaning Turkiston (Jan. Turkmaniston)dagi 1885-y. nizosini, ikki yirik davlat oʻrtasidagi urush xavfini bartaraf qildi. Tuzilgan ingliz-rus chegara komissiyasi asosan Rossiya talablarini nazarga olib, Afgʻonistonning shim.-gʻarbiy chegaralarini aniqladi va bu haqda 1887-y. 10 (22) iyulda Peterburgda bitim imzolandi.

1907-y. bitimi Oʻrta Sharqdagi taʼsir doiralar chegaralarini belgilash toʻgʻrisida 18 (31) avg. da Peterburgda imzolangan. Bu bitimlar asosan Tibet, Afgʻoniston va Eronga doir edi. Angliya va Rossiya Tibetni mustaqil deb tan oldi. Eron 3 zonaga: Rossiya taʼsir doirasidagi Shim. zona va Angliya taʼsir doirasidagi Jan. zona hamda bular oʻrtasidagi betaraf zonaga boʻlindi. Afgʻoniston Angliya hukumati taʼsirida qoldi. Rossiya Afgʻoniston hukumati b-n faqat Angliya hukumati orqali aloqa qilishga rozi boʻldi; tomonlar Afgʻoniston hududiy butunligini buzmaslik majburiyatini oldilar.