ANIQLIK

ANIQLIK — 1) mashinasozlikda — tayyorlanadigan buyumlar (detallar, uzellar, mashina asboblari)ning oldindan belgilangan parametrlarga, chizmada berilganiga, texnik shartlarga, standartlarga mos kelish darajasi. Har qanday texnologik jarayonda muayyan xatolik boʻladi, shuning uchun mutlaq A. ga erishib boʻlmaydi. Aniqlik shakli, oʻlchami, oʻzaro joylashish aniqligi kabi xillarga boʻlinadi. Yoʻl qoʻyiladigan Aniqlik (dopusklar) tizimiga muvofiq detallarning oʻlchamlariga chegaraviy oʻlchamdan ogʻish (qoʻyim) bilan Aniqlik kiritiladi;

2) avtomatik boshqarish tizimi (ABT) da — boshqarish jarayonining talab etilganga yaqinlashishi darajasini belgilovchi eng muhim koʻrsatkichlardan biri. Boshqarish jarayonining talab etilgandan ogʻishi boshqarish obyekti va ABT dinamik xossalaridan, ABT ga kiradigan oʻlchash hamda ijro qurilmalarining xatoliklari, baʼzi elementlarning ichki shovqinlari va tashqi xalaqitlaridan kelib chiqadi;

3) oʻlchashda — oʻlchash natijalarining oʻlchanayotgan kattalikning haqiqiy qiymatiga yaqinlashish darajasi;

4) oʻlchash asboblarida — oʻlchash asboblari koʻrsatgan qiymatning maxsus asbob yordamida oʻlchangan kattalikning haqiqiy qiymatiga yaqinlashish darajasi.

Prev Article

ANIS ALDEGID

Next Article

ANIQLIK SINFLARI