ANQARA — Turkiya Respublikasining poytaxti, Anqara elining maʼmuriy markazi. Aholisi 4 mln. kishi (shahar atrofi b-n, 1997). Shahar Anadolu yassitogʻligida, Anqara va Chubuk daryolari tutashgan joyda, dengiz sathidan taxm. 890 m balandlikda. T. y. va avtomobil yoʻllari tuguni, xalqaro aeroport bor. Mamlakatning yirik sanoat, savdo va madaniyat markazi. A. Kichik Osiyoning koʻhna shaharlaridan biri; mil. av. 7-a. dan Osiyoni Yevropa bilan boglagan savdo yoʻllaridagi Rim imperiyasiga qarashli muhim savdo markazi sifatida maʼlum. 11-a. dan Anqara saljukiy turklar tasarrufida. 14-a. 1-yarmidan usmonlilar saltanati tarkibidagi Anqara poshsholigining maʼmuriy markazi. 1402-y. 20-iyulda Anqara yonida katta jang boʻlgan (q. Anqara jangi). 1864-y. dan esa viloyat markazi. 1920-y. 23 apr. da Anqarada Turkiya Buyuk Millat majlisi ochildi va unda yangi milliy hukumat tashkil etildi. 1923-y. 13 okt-. dan A. Turkiya poytaxti, 1923-y. 29 ok-t. dan Turkiya Respublikasining poytaxti deb eʼlon qilindi. Anqarada Turkiyaning asosiy harbiy sanoat (oʻqdori, qurolaslaha, samolyot z-dlari), mashinasozlik va metallsozlik, elektrotexnika, sement, yogʻochsozlik, toʻqimachilik, oziqovqat, poligrafiya sanoati korxonalari bor. Anqarada bir necha un-t, konservatoriya, Otaturk nomidagi pedagogika in-ti, Tasviriy sanʼat akademiyasi, oliy texnika maktabi, bir qancha hunar oʻquv yurtlari, teatrlar, muzeylar, kutubxonalar, kinoteatrlar va b. ilmiy-madaniy muassasalar bor.
Shahar 2 qismdan iborat. Shim. yoki eski Anqarada oʻrta asr meʼmoriy yodgorliklari saqlanib qolgan. Anqara poytaxt boʻlgach, uning jan. qismida zamonaviy binolar qurilgan.