ANSAMBL (frans. ensemble — birlik, uygʻunlik, ohangdoshlik) — 1) meʼmorlikda — bir kenglik mujassamotiga ega bir-biriga mos binolar, inshootlar majmui;
2) musiqada — a) maʼlum musiqa asarlarining bir necha ijrochilar tomonidan birgalikda ijro etilishi; b) sozanda va ashulachilarning kichikroq toʻdasiga moʻljallangan musiqa asari. Opera, oratoriya va kantatalarda ham Ansambl boʻladi. Ijrochilar soniga qarab Ansambllar duet (2 kishi), trio yoki terset (3 kishi), kvartet (4 kishi), kvintet (5 kishi), sekstet (6 kishi), septet (7 kishi), oktet (8 kishi), nonet (9 kishi), va h. k. larga boʻlinadi;
3) teatr sanʼatida — dramaturg, rej., rassom, kompozitor va aktyorlar ijodining uygʻunligi. A sahna asari gʻoyasining mukammalroq ochilishiga xizmat qiladi va spektaklda uslub birligini yuzaga keltiradi. Ansambl yaratish uchun xar bir ijrochi boshqa ijrochilarning ham vazifalarini hisobga olishi, saxnada umumiy surʼat va ruhiyat mutanosibligini oʻrnatishga harakat qilishi kerak. A ijoddosh aktyorlarning bir uyushmada uzoq vaqt ishlashi va bir ijodiy maqsad bilan yashashi tufayli tarkib topadi;
4) amaliy sanʼatda — tusi bir xil, bichimi bir-biriga monand boʻlgan kiyim-kechaklar majmui.