ANSORIY (taxallusi; asl ismi Abu Ismoil Abdulloh ibn Muhammad Hiraviy) (1006—Hirot — 1088) — mutafakkir, faylasuf va shoir. Tasavvufning yirik namoyandasi. Nasabi ansorlarga taqaladi (taxallusi shundan olingan).
21 yoshida ilm olish uchun Tus, Bistom, Nishopurga borgan. 1033-y. da piri Haraqoniy, 1049-y. da shayx Abu Sayd Abulxayr bilan tanishgan. Dunyoqarashi vujudiyun (panteizm)ga moyil. Hirotda shayxulislom va pir darajasiga koʻtarilgan. Arab va fors tilida ijod qilgan. Forsiy adabiyot tarixida nasrda sajʼga asos solgan va nasriy asarlarda birinchi boʻlib sheʼriy parchalar keltirgan.
Sheʼriy merosi 3 devondan iborat (birortasi ham toʻliq saqlanmagan). Falsafa va tasavvufga oid «Kashf ul-asror» («Sirlar kashfi»), «Ilohiynoma», «Zod ul-orifiyn» («Oriflar yoʻl ozigʻi»), «Kanz us-solikin» («Yoʻlovchilar boyligi»), «Qalandarnoma», «Zamm ul-kalom va axlixi» («Kalom va kalom ahlining tanqidi»), «Manozil us-soirin» («Sayr etuvchilarning manzillari») kabi asarlar yozgan. A. Sullamiy (941—1024) ning «Tabaqot ustsufiya» («Tasavvuf tabaqalari») asarini arabchadan forsiyga oʻgirgan. Adabiyotshunoslik, nazm va nayerga oid «Munojot va maqolot», «Ganjnoma», «Anis ul-muridin va shams ul-majolis» («Muridlar doʻsti va majlislar quyoshi» yoki «Yusuf va Zulayho»), «Nasihatnoma», «Tuhfat ul-vuzaro» («Vazirlarga tuhfa») va b. asarlar yaratgan. Asarlarining koʻpchiligi pandnasihat tarzida. Ularda kishilarni ilmmaʼrifatga chaqirgan, hukmdorlarni adolatli, xalqqa tayanch boʻlishga daʼvat etgan, insonparvarlik, goʻzal insoniy fazilatlar, xalqqa xizmat qilishni uluglagan. «Munojot va maqolot», «Manozil us-soirin» kabi asarlari, ayniqsa, mashhur boʻlgan. Navoiy A. ni «muqarrabi boriy» («Tangrining yaqini») deb tilga oladi. Boysungʻur Mirzo Hirotda Ansoriy qabriga muhtasham maqbara bunyod etgan (1425—27). Navoiy u yerda xonaqoh qurdirib, atrofini yana obod qilgan (q. Abdulloh Ansoriy maqbarasi).
Ad.: Karomatov H., Abdullo Ansoriy ijtimoiy qarashlarining ayrim xususiyatlari |Adabiy meros], 1981, № 3.