ANSORLAR (arab. — yordamchilar, safdoshlar) — Muhammad (sav) sahobalari bir tabaqasining nomi. 622-y. Makkadan Madinaga koʻchib borgan musulmonlar (muhojirlar)ga va Muhammad (sav)ga yordam bergan hamda islom dinini qabul qilgan madinalik Avs va Hazraj qabilalarining aʼzolari. Ansorlar muhojirlar bilan birga ilk musulmonlar jamoasini tashkil etgan. A. Badr jangidan eʼtiboran Muhammad (sav)ning makkalik mushriklarga qarshi yurishlarida faol ishtirok etdilar. Keyingi siyosiy voqealarda ham Ansorlarning roli katta boʻldi. Muhammad paygʻambar vafotidan soʻng ular oʻz ichlaridan xalifa saylashga urinib koʻrdilar. Lekin Avs va Hazraj qabilalari oʻrtasidagi raqobat bunga yoʻl qoʻymadi.