ANTENNALAR — oʻrgimchaksimonlardan boshqa hamma boʻgʻimoyoqlilar boshidagi bir juft moʻylovlar. Qisqichbaqasimonlarda koʻpincha sezgi organi, shoxdor moʻylovlilarda harakatlanish vazifasini bajaradi. Antennalar hasharotlarda juda xilma-xil (qilsimon, taroqsimon, yelpigʻichsimon, plastinkasimon va b.) boʻlib, hid bilish, tuygʻu, taʼm bilish, eshitish, harorat, namlikni sezish va b. vazifani bajaradi.