ANTIL OROLLARI — VestIndiyadagi arxipelag. Katta Antil orollari (Kuba, Gaiti, Yamayka, Puerto-Riko) va Kichik Antil orollari (Virginiya, Shamolli va Shamolsiz o. lar, Trinidad, Tobago va Barbados)ga boʻlinadi. Mayd. qariyb 220 ming km2. Aholisi 30 mln. kishi. Antil orollari yer yuzasining yarmidan kupi togʻlik. Eng baland joyi 3175 m. Katta Antil orollari dagi togʻlar Markaziy Amerikadagi Kordilyera togʻlarining tarmoqlaridir. Bu togʻlar Kuba o. dagi ohaktosh platosida tutashadi. Kichik Antil orollarida soʻnmagan Grand-Sufriyer, Montan-Pele, Sufriyer vulkanlari bor. Kubadagi tekisliklardan tashqari hamma yerda zilzila boʻlib turadi. Iqlimi tropik, issiq, passat iqlimi. Nam koʻp, tez-tez dovul boʻlib turadi. Koʻp yerlarni savanna va barg tashlaydigan tropik oʻrmonlar qoplagan. Shamolga roʻpara yon bagʻirlar esa doim yashil tropik oʻrmonlar bilan qoplangan. Antil orollarida Antigua va Barbuda, Barbados, Gaiti, Grenada, Dominika, Dominikana Respublikasi, Kuba, Sent-Vinsent va Grenadini, SentLyusiya, Sent-Kits va Nevis, Trinidad va Tobago, Yamayka davlatlari joylashgan, shuningdek AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiyaga karashli mulklar, Venesuela hududining bir qismi bor. 1493-y. X. Kolumb Sen-Marten o. ni kashf etgan. Kyurasao va Aruba o. larini 1499-y. da ispanlar ochgan. 17-a. boshida gollandiyaliklar Aruba o. ni, 1634-y. da esa Kyurasao o. ni egallaganlar.