ANTITIREOID MODDALAR (tireostatik preparatlar) — qalqonsimon bez faoliyatini susaytiradigan dorilar; asosan shu bez faoliyati kuchayganda tavsiya etiladi. Antitireoid moddalar yodli birikmalarning oksidlanishini va tireoid gormonlar molekulasiga yod qoʻshilishini boshqaruvchi ferment tizimlari faoliyatini susaytirib, qalqonsimon bezda gormonlar biosintezini toʻxtatib qoʻyadi (blokada) va bu bezni kattalashtiradi. Sintetik yoʻl bilan olingan juda koʻp dorilar, asosan tiouratsil, tiomochevina hosilalari, paraaminosalitsilat kislota, sulfanilamid, tiotsianatlar va b. An. m. ga kiradi. Baʼzi oʻsimliklar, mas, karam, sholgom va b. da ham antitireoid taʼsir koʻrsatadigan birikmalar kam miqdorda uchraydi. Sintetik Antitireoid moddalar tireotoksikozni davolashda keng qoʻllaniladi.