ANUSHAXON HAMMOMI

ANUSHAXON HAMMOMI — Xivadagi meʼmoriy yodgorlik. 1657-y. Ichan qalʼadagi Oq masjid yonida Abulgʻozixon tomonidan oʻgʻli Anusha Muhammad Sultonning Karmanadagi gʻalabasi sharafiga qurilgan. Xammomga Oq masjid yaqinidagi gumbazli kichik xonadan kiriladi. Hammom xonalari issiqni yaxshi saqlash uchun yer ostiga joylashtirilgan boʻlib, tashqaridan faqat gumbazlar koʻrinib turadi. Anushaxon hammomida daxliz, kiyimxona, sovuqxona, issiqxona, issiq suv turadigan hovuzcha, goʻlax bor. Xonalarning oʻzaro bogʻlanishida qad. hammomlar anʼanalari takrorlangan. Suv tarnovlardan hovuzga yigʻiladi. Oʻtxona dudlari maxsus yoʻllar orqali hammom xonalari ostidan oʻtib, ularni isitadi va moʻrkon orqali tashqariga chiqadi. Issiq suvli hovuz atrofidagi toʻrtta xona devordagi tuynuklar orqali suv bilan taʼminlanadi. Hammom pishiq gʻishtdan ishlangan. Ichki tomoni suvalgan, hech qanday bezak yoʻq. 1984-y. da taʼmir qilinib, ishga tushirilgan.

Next Article

ANUSHIRVON