APRAKSIYA (yun. apraxia — harakat faoliyatsizligi) — bosh miya katta yarim sharlari poʻstlogʻi yoki qadoqsimon tana oʻtkazuv yoʻllarining zararlanishi natijasida maqsadga muvofiq harakatlarning buzilishi. Bunda bemor har qanday, hatto eng oddiy harakatni ham (mas, kiyinish, ovqatlanish, yurish va h. k.) qay tarzda bajarilishini unutib qoʻyadi va ularni birovning yordamisiz qila olmaydi. Apraksiya bosh miyaning jarohatlangan qismlariga bevosita bogʻliq boʻlib, bir necha xili uchraydi.