AQIDA

AQIDA (arab.) — dindorlar uchun majburiy hisoblangan, shak keltirmasdan, muhokama yuritmasdan eʼtiqod qilinishi lozim boʻlgan diniy talablar. Islom A. larining asosi Qurʼonda berilgan, hadislardagi koʻrsatmalar negizida ishlab chiqilib, tartibga solingan. Islomning sunniylik yoʻnalishi ilohiyotida eʼtirof etiladigan Aqidalar yoki imon talablari 7 ta: Allohning yagonaligiga, farishtalarga, muqaddas bitiklarga, paygʻambarlarga, oxiratga, taqdirga va inson qazo qilganidan soʻng qayta tirilishiga ishonish (q. Sunniylik). Shialik yoʻnalishi ilohiyotida 5 A. tan olinadi: tavhid (Allohning yagonaligi), nubuvvat (paygʻambar) ga ishonish, adl (ilohiy taqdirning adolatligiga ishonish), imomat (imomlar hokimiyatini tanish), maod (oxiratga ishonish) (q. Shialik).

Xristianlikda Aqidalar birinchi marta 2-jahon sobori tomonidan qabul kilingan va u eʼtiqod timsoli deb atalgan. U xudoning muqaddas uchlikda (Ota, Oʻgʻil va Muqaddas ruhda) namoyon boʻlishi, Iso (as)ning xaloskorlik missiyasi, uning tirilib osmonga koʻtarilib ketishi va oxiratda yana qaytib tushishi, jami 12 asosiy Aqidadan iborat. Keyinchalik jahon soborlari eʼtiqod timsolini Iso (as) ning ham ilohiy, ham insoniy tabiatga egaligi, ikonaga sigʻinish shartligi haqidagi Aqidalar bilan boyitgan. Xristian cherkovi boʻlinib ketgandan keyin xar bir konfessiya, diniy okim oʻz taʼlimotiga boshqa xristian cherkovlar eʼtirof qilmagan Aqidalarni kiritgan. Katolitsizm aʼrof haqidagi, Muqaddas ruh faqat Ota-xudodan emas, balki Oʻgʻil-xudodan ham paydo boʻlganligi, Bibi Maryamning ilohiy tarzda Iso (as)ga homilador boʻlganligi va uning jismi osmonga koʻtarilib ketgani, Rim papasining eʼtiqod va axloq ishlarida begunohligi borasidagi Aqidani qabul etdi. Protestantizm esa ruhoniylik unvonini berish, muqaddas zaytun moyi surtish va b. A. larni tan olmay, har bir dindorning oʻz eʼtiqodi bilan gunohdan xalos boʻlishi toʻgʻrisidagi Aqidani rasm qildi. Pravoslaviye cherkovi yangi Aqidalar kiritishni rad etib, ilgarigi Aqidalar mazmunini talqin etish yoʻlidan bordi.

Prev Article

AQAYEV

Next Article

AQIQA