ARAB YOZUVI — yozuv turi. Gʻarbiy Osiyo, Shim. Afrika mamlakatlarida qoʻllaniladi. Oʻngdan chapga tomon yoziladi va oʻqiladi. Arabistonda mil. 4-a. gacha amalda boʻlgan oromiy yozuvi asosida paydo boʻlgan. Hoz. Arab yozuvida 28 ta harf va 12 ta yordamchi belgi bor. A. yo. ning oddingi shakli kufiy yozuv deb atalgan. Furot daryosi yoqasida joylashgan Kufa sh. olimlarining bitiklari bunga asos boʻlgan. Arab yozuvida 12 ta yordamchi belgining kashf etilishi, harflarni birbiridan farq qildiruvchi nuqtalarning qoʻllanishi, ularning miqdori va joylashuvi, yaʼni ustki yoki ostki nuqtalar boʻlishining tayin etilishi bevosita Qurʼoni Karim bilan bogʻliq. Islomshunos olimlarning guvohlik berishicha, islom yuzaga kelib tarqalgunicha arablarda qoʻllanilgan yozuv hijoziy deb atalgan, uni qurayshiylardan Harb ibn Umayya oʻrgangan va oʻrgatgan. Bu ham aslida anboriy-himyoriy yozuv turi boʻlib, Hijozda tapqalgan Qurʼoni Karim ilk oyatlari shu yozuvda bitilgan. Abu Bakr sahifalari, Usmon musʼhaflari turli yordamchi shakl va nuqtalardan xoli yozilgan, unga juzʼlar, hiztlar va b. koʻrsatkichlar alomati qoʻyilmagan. Qurʼoni Karim va b. yozma asarlar kufiy yozuvda ham bitila boshlandi. Chunki bu yozuv oldingisiga qaraganda mukammal edi.
Islomning Ajam mamlakatlariga ham yoyilishi yozuvda qisqa unlilarning boʻlishini zaruratga aylantirdi. Natijada mil. 688-y. da Iroq voliysi Ziyod ibn Abihi Abul Asvad Duvaliyga nahv (sintaksis) darsligi yaratishni buyurdi. U qisqa unlilarni (a, i, u) harf ustiga, ichiga va ostiga nuqta qoʻyish bilan belgiladi. Ikkinchi isloh umaviy xalifalardan Valid ibn Abdul Malik Marvon davrida amalga oshirildi.
Ibn Xallikon A«t-tasʼhif» («Notoʻgʻri talaffuz») kitobida shunday yozadi: odamlar qirq yildan ziyod, to Abdul Malik ibn Marvon zamonigacha Usmon musʼhaflarini oʻqishda davom etdilar. Iroqda notoʻgʻri talaffuz qilish kuchayib ketgandan soʻng, Hajjoj oʻz kotiblariga shakli oʻxshash harflarni bir-biridan ajratish uchun belgilar tayin qilishni buyurdi. Nasr ibn Osim bu vazifani oʻz zimmasiga oldi. Natijada, arablar hijriy 1-a. 2-yarmidan, yaʼni umaviylar davrida nuqta va harakat belgilarini qoʻllay boshladilar. Abul Asvad Duvaliy harakat belgilarini va Nasr ibn Osim nuqtalarni joriy etishdi.
Shunday qilib, hoz. Arab yozuvining ilk koʻrinishi kufiy deb atalgan.
18 shakldagi hoz. Arab yozuvi ustki va ostki nuqtalar va ularning soni bilan farq qiluvchi 28 harfdan iborat. Omon Musayev.