ARABLAR, al-arab — Gʻarbiy Osiyo va Shim. Afrikadagi arab mamlakatlarida yashovchi xalqlar guruhi. Umumiy soni 199 mln. kishi (1992). Arablar, asosan Afrika va Osiyo mamlakatlarida: Misr, Sudan, Liviya, Tunis, Jazo-ir, Marokash, Livan, Suriya, Iroq, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Yaman va b. yerlarda yashaydi, bu mamlakatlar aholisining qariyb 80% ini tashkil qiladi. Katta yevropeoid irqiga mansub. Arab tilida suzlashadi. Arablar koʻpchiligi sunniylar. Bundan tashqari, Arablar ichida musulmon dinining bir qancha mazhablari mavjud; shialar — Iroq, Yaman, Suriya va Livanda; ibodiylar — Shim. Afrikada; zaydiya va ismoiliylar — Shim. va Sharqiy Iroqda, Livanning togʻli tumanlarida yashaydilar. Misr, Livan, Suriya va Iordaniyada yashovchi Arablarning bir qismi xristian diniga eʼtiqod qiladi. Asl vatani Arabiston ya. o. Mil. av. 1-ming yillikda va milodning dastlabki yillarida A. Suriya, Iroq, Shim. Afrika yerlariga kelib joylashgan. Mil. av. 1-ming yillikda dastlabki arab davlatlari — Palmira (Tadmor), Nabateya va Lihyon vujudga kelgan. 5-a. da bir qancha arab davlatlari (Gʻasson va Laxm; Shim. Arabistonda) paydo buladi. 6 — 7-a. larda ayrim arab elatlari tashkil topdi. 7-a. da Arab xalifaligi barpo etildi. Arablarning xalifalik hududidagi boshqa xalqlar bilan aralashib ketishlari natijasida yangi elatlar va davlatlar (Falastin, Suriya, Livan (Lubnon), Iroq, Misr va Shim. Afrika davlatlari) yuzaga keldi.
Oʻrta Osiyo arablari — Oʻrta Osiyo davlatlarida yashovchi, oʻzlarini arab deb yurituvchi etnik guruh. Ajdodlari 7 — 14-a. lar davomida kelib oʻrnashib qolgan. Oʻzbek, turkman va tojik millatining tarkibiga kirgan. Oʻrta Osiyo arablari asosiy qismi Oʻzbekistonning Buxoro, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida, shuningdek Fargʻona vodiysi shim.-sharqiy qismida yashaydi. 2 guruhga bulinadi: shayboniy va sanoniy. Oʻrta Osiyo arablari oʻzlarining qad. madaniyatlari, urf-odatlarining ayrim belgilarini saqlab qolganlar. Arab tili ikkinchi til sifatida ayrim qishloqlarda hozirgacha qoʻllanib kelinadi. Bularning shevalarida yerlik xalqlar tilining taʼsiri juda kuchli.
Oʻrta Osiyo arablari xoʻjaligida chorvachilik muhim oʻrin tutadi. Suvli yerlarda yashaydigan Arablar dehqonchilik qiladi. Oʻzbekistonda Arablar nomi bilan bogʻliq koʻplab joy nomlari mavjud.
Ad.: Belyayev Ye. A., Arabы, islam i arabskiy xalifat v ranneye srednevekovye, 2-ye izd., 1966; Narodы Sredney Azii i Kazaxstana, ch. 2, M., 1963; Volin S. A., K istorii sredneaziatskix arabov, v sb.: Trudы IVAN, v. 36, M.-L., 1941.