Knowledge Base
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

ARALASHMASLIK SIYOSATI

ARALASHMASLIK SIYOSATI — hoz. xalqaro siyosatning asosiy yoʻnalishlaridan biri. Har bir davlatdan bevosita yoki bilvosita, yakka oʻzi yoxud boshqa davlatlar bilan jamoa tarzida oʻzga bir davlatning ichki va tashqi ishlariga aralashmaslikni taqozo etadi. Aralashmaslik siyosati davlatlar boshqa bir davlatga nisbatan kuch bilan tahdid etishning har qanday shaklini qoʻllashini yoki kuch ishlatishini, siyosiy, iqtisodiy yoki boshqa sohalarda qud-ratini ishga solib, undagi tuzumni agʻdarib tashlashga qaratilgan terrorchilik, qoʻporuvchilik va b. ga toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita kumaklashishini rad etadi. Aralashmaslik siyosati Buyuk fransuz in-qilobi davrida birinchi bor eʼlon qilingan, unga binoan barcha davlatlar teng huquqli boʻlishi, mustaqil ish yuritishi, boshqa davlatlarning oʻz ishlariga aralashuviga yoʻl qoʻymasligi shart. Keyinchalik mazkur qoida BMT Ustavida, yana qator boshqa muhim xalqaro hujjatlarda eʼtirof qilindi, Yevropada xavfeizlik va hamkorlik masalalari boʻyicha kengash (Xelsinki, 1975-y.) Yakunlovchi huj-jatida mukammal ifodalandi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik siyosatini izchil amalga oshirmoqda. OʻzR Konstitutsiyasining 17-moddasida respublika tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxleizligi, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanishi belgilab qoʻyilgan.

Prev Article

ARALASH QAZIB OLISH

Next Article

ARALIYADOSHLAR