ARCHA

ARCHA (luniperus) — sarvdoshlar oilasiga mansub doim yashil daraxt va butalar turkumi. 70 ga yaqin turi bor. A. bir jinsli, bir yoki ikki uyli, shamol yordamida changlanuvchi, ignabargli oʻsimlik. Archaning erkaklik qubbasi sargʻish, 3 — 6 changdonli qipiqsimon changchilardan tashkil topgan. Urgʻochi qubbalari yashil boʻlib, qarama-qarshi yoki oldinma-keyin oʻrnashgan urugʻchibarg va urugʻkurtaklardan iborat. Qubbalari yumaloq (diametri 5 — 20 mm), ichida 1 — 10 dona urugʻ bor. Archa mart—may oylarida gullaydi. Mevasi qoʻngʻir, ikkinchi yili (sent. — noyab. da) pishib, qish yoki bahorda toʻkiladi. Archa urugʻini yaxshi undirish uchun uni yezda stratifikatsiya qilib, kuzda sepiladi. 2 — 3 yoshli koʻcha-ti ekiladi. Archaning koʻpchiligi oʻrta min-taqalarda oʻsadi. Baʼzi turlari tropik hududlardagi togʻlarda ham uchraydi. I. semiglobosa (sovur A.), I. turkestanica (oʻrik A.), I. sabina (qora Archa) va I. seravschanica (Zarafshon A.) kabi turlari Oʻrta Osiyo, xususan Oʻzbekiston togʻlarida tarqalgan boʻlib, maxsus archazorlarni tashkil qiladi. Archaning xoʻjalikdagi ahamiyati katta. Yogʻochi meʼmorlikda, oʻymakorlikda va qalam yasashda ishlatiladi. Baʼzi turlaridan xushmanzara oʻsimlik sifatida foydalaniladi. Qubbalaridan turli moddalar (efir moyi, qatron, qand, mum va organik kislotalar) olinadi. Qubbasining damlamasi tabobatda siydik haydovchi, balgʻam koʻchiruvchi va ovqat hazm qilishni yaxshilovchi dori sifatida ishlatiladi. Oʻrta Osiyodagi turlaridan olinadigan efir moyining sedrol fraksiyasi esa jarohatni, suyakning teshilib oqishini davolashda qoʻllaniladi.

Prev Article

ARXOZAVRLAR

Next Article

ARCHA KOʻMIR