ARGAZID KANALAR

ARGAZID KANALAR (Argasidae) — parazitoform kanalar oilasi. Och kana uz. 2 — 13 mm. Tanasi yassi, bir muncha qalin qobiq bilan oʻralgan, qalqonlari boʻlmaydi. Quruqlikda yashovchi umurtqalilar qonini soʻrishga ixtisoslashgan parazitlar. Argazid kanalar uzoq vaqt (11 yilgacha) och yashashi mumkin, lekin hayvonga yopishib juda tez va koʻp miqdorda qon soʻradi. Qonga toʻygan kananing massasi och kanaga nisbatan bir necha yuz marta ortadi. Urgochisi 50 — 200 tadan tuxum qoʻyadi. Kechasi faol hayot kechiradi. Ayrim turlari odam va hayvonlarga spiroxetoz, virus kasalliklarini yuqtiruvchi hisoblanadi (mas, tovuq spiroxetozini eron argas kanasi — Argas persicus tarqatadi). Kana odam qonini soʻrganida teri qichiydi. Argazid kanalarning 100 ga yaqin turi mavjud. Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo hududida eron argas kanasi, kaptar kanasi (A. reflicus) va Ornithodorus urugʻining turlari uchraydi. Argazid kanalar uy hayvonlarining qonini soʻrib katta ziyon keltiradi.

Prev Article

ARVOHI PIR

Next Article

ARGENTINA