ARPA

ARPA (Hordeum) — gʻalladoshlar oilasiga mansub bir va koʻp yillik oʻtsimon oʻsimliklar turkumi. Yevrosiyo va Amerikada 30 ga yaqin turi maʼlum. Dehqonchilikda Arpa Oʻrta Osiyo (Turkmaniston jan.) da mil. av. 12 — 10-ming yilliqdan ekib kelinadi. Vatani Old Osiyo. Ekma Arpa (N. sativum) jahondagi koʻpgina mamlakatlarda yetishtiriladi. Biologik xususiyatlariga koʻra, Arpa bahori va kuzgi turlarga boʻlinadi. Arpa ildiz toʻplami popuksimon: asosiy ildiz haydalma qatlamda rivojlanadi. Poyasi poxolpoya, 4 — 6 ta boʻgʻimli, boʻyi 30 — 35 sm dan 130 — 134 sm gacha. Bargi barg plastinkasi, barg qini, tilcha va quloqchalardan iborat, boshqa gʻalla oʻsimliklarining bargidan koʻra kengroq. Toʻpguli boshoq. Mevasi pardali yoki yalangʻoch don, rangi sargʻish, och jigarrang va och kulrang. 1000 ta doni vazni 20 — 60 g. Bahori Arpaning vegetatsiya davri 55—110 sutka, kuzgisiniki 180 — 210 sutka (nav xususiyatlari va ekiladigan hududga qarab). Arpa eng tezpishar don ekinidir. Arpa oʻzidan changlanuvchi oʻsimlik, guli yopiq. Maysalari 4 — 5° da unib chiqadi, oʻsib rivojlanib borishi uchun qulay harorat 22°. A. issiqqa chidamli oʻsimlik, havo quruqligini yaxshi koʻtaradi. Xalq xoʻjaligida Arpadan xilma-xil maqsadlarda (oziq-ovqat, yem, pivo sanoati uchun xom ashyo) foydalaniladi. Donida 13% suv, 2% oqsil, 64,6% uglevodlar, 5,5% klechatka, 2,1% yogʻ, 2,8% kul moddasi bor. 1 kg arpa doni 1,2 ozuqa birligiga teng.

Lalmi dehqonchilik mintaqasida bahori, sugʻoriladigan yerlarda kuzgiqishki va koʻklamgi namdan yaxshi baxra oladigan yuqori hosil beradigan kuzgi Arpa yetishtiriladi. Juda erta quruq jazirama issiq boshlanmasidan oldin (maining oxiri — iyun) pishib yetiladi. Sugʻoriladigan maydonlarda har gektaridan 50 s gacha hosil beradi. Oʻzbekistonda sugʻoriladigan yerlarda Qarshi, Zafar, Siklon; lalmi yerlarda Baysheshek, Unumli arpa, Nutans va b. navlari ekiladi. Urugʻlari 4 — 5 sm chuq. ga qadaladi, ekish meʼ-yori Arpaning faqat oʻzi eqilganda 100 — 120 kg/ga, vika bilan birga eqilganda 50 — 70 va 40 — 50 kg/ ga. Arpa oʻgʻitlarga talabchan. Yuqori hosil olish uchun gektariga 30 — 45 kg N (azot), 45 – 60 kg R2O5 (fosfor), 60 kg K,O (kaliy) solinadi.

Arpa zararkunandalari: shved pashshasi, gessen pashshasi, simqurtlar, arrakashlar, koʻkkoʻz va b; kasalliklardan eng koʻp zararlaydigani qorakuya, zang kasalligi, unshudring, fuzarioz, bakterioz va b.

Ad:. Kurbanov K., Yachmen v usloviyax bogaroʻ Oʻzbekistona, T., 1972; Yigitaliyev M., Muhammadxonov S, Dala ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligi, T., 1981.

Qoʻziboy Dushamov.

Prev Article

AROMATIK BIRIKMALAR

Next Article

ARPABODIYON