Knowledge Base
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

ASAKAOVDON

ASAKAOVDONUstyurt platosining jan. dagi tektonik botiq. Shimda Markaziy qirlar (Qorabovur qirlari) va jan. da Ustyurt koʻtarilmalari (Qoplonqir qirlari va uning gʻarbdagi davomi) oʻrtasida joylashgan. Geologik jihatdan Asakaovdon bukilmasi oʻrniga mos keladi. Asakaovdonda paleozoy jinslari 5000 m chuqurlikda joylashgan. Shim. yon bagʻrida Shoxpaxti va Shim. Asakaovdon strukturalari mavjud. Shoxpaxti strukturasida quyi yura yotqiziqlari quyi triasning argillit va ohaktoshlari ustida joylashgan. Yura va boʻr davri yotqiziqlari qumtosh, gravelit, gil, ohaklashgan qumtosh, angidritdan iborat. Yuqori boʻrning yotqiziqlarida mergel va ohaktosh ham bor. Paleogen yotqiziqlari gilli alevrolit, neogenda sarmat yarusi (yuqori miotsen)ga oid ohaktosh, mergel va qumtoshlar kengroq tarqalgan. Apsheron yotqiziqlari (pliotsen), shagʻal va konglomeratdan iborat. Asakaovdon usti qad. delyuvial-prolyuvial va yoshroq koʻl-allyuvial yotqiziklari bilan band.

Asakaovdonning uz. gʻarbdan sharqqa qariyb 90 km, eni 20 — 40 km. Tubining mutlaq bal. 30 dan 60 m gacha. Mayd. 5600 km2. Jan. qismi bir oz koʻtarilgan. Shim. qismi esa pastroq. Asakaovdon tubining oʻrtaroq qismidagi zamini toshloq, gipslashgan marza botiqni ikkiga boʻlib turadi. Botiqlar tubida qoldiq doʻngliklar bor. Pastqamliklar koʻl-allyuvial yotqiziqlar bilan band. Shamol harakati natijasida turli relyef shakllari hosil boʻlgan. Aning yon bagʻirlari chuqur oʻzanlar bilan oʻyilgan. Asakaovdonda grunt suvlari atrofdagi kir va tekisliklarda vujudga kelib, botiq tomon oqim hosil keladi. Minerallashuv darajasi har l da 60 — 100 g ni tashkil qiladi. Sariqamish botigʻidagi koʻlning sathi koʻtarilib borayotganligi sababli Asakaovdon grunt suvlari sathi ham sharqiy qism (Shoʻrja botigʻi) da koʻtarilib bormoqda.

Asakaovdonning jan. toshloqpi va marzali qismining tuprogʻi gipslashgan boʻz-qoʻngʻir tuproq, pastqamliklarda taqirlar, shoʻrxoklar bor. Aning sharqiy va markaziy hududlarida qorasaksovulzor va shoxilakzorlar keng tarqalgan, doʻngliklarda yulgʻun, qumliklarda juzgʻun, selin, qum akatsiyasi (quyonsuyak) oʻsadi. Shoxpaxti strukturasida tabiiy gaz konlari bor.

Prev Article

ASAKABANK

Next Article

ASAL