ASARXADDON (ossuriycha Ashshuraxiddin) — Ossuriya podshosi (mil. av. 680 — 669). Fuqarolar urushi natijasida taxtga utirgan. Savdogarlar, kohinlar tabaqasiga tayangan. Otasi Sinaxerib tomonidan vayron etilgan Bobil sh. ni tiklagan, bir necha shaharlarga ilgarigi imtiyozlarini qaytargan, ibodatxonalar foydasiga soliqlar joriy qilgan. 679-y. A. qoʻshinlari kimmeriylar bilan toʻqnashgan. A. Arabistonda (676), Finikiya va Misrda (675 — 671) urushlar olib borgan. Memfis sh. ni egallab, Misr podshosi unvonini olgan. 673 — 672-y. da qochoq qullar va erkin fuqarolar yashiringan Shubriya (Urartu chegarasida) ga yurish qilgan. Oʻsha yillarda skiflar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan midiyalik Kashtariti qoʻzgʻoloni natijasida Midiya Ossuriyadan ajrab chiqqan. A. Ossuriya taxtini oʻgʻli Ashshurbanipalga, Bobilni esa boshqa bir oʻgʻli — Shamashshumukinga vasiyat qilib qoldirgan.