ASFANDIYORXON (Isfandiyorxon) (? – 1643) — Xiva xoni (1623-43), Arab Muhammadxonning oʻgʻli. Eron shohi Abbos I homiyligida, turkmanlar yordami b-n ukasi Elbars (Ilbars) Sultonni taxtdan agʻdarib, 1623-y. Xivada xonlik taxtiga oʻtirdi. U turkman zodagonlariga tayanib ish yuritdi. Eron davlati qoʻliga oʻtib qolgan Jan. Turkmanistonni Xiva xonligiga qoʻshib olishga intildi, ammo 1628-y. da safaviylar qoʻshinidan yengildi. 17-a. ning 30—40-y. larida Buxoro va Rossiya savdo karvonlariga zarar yetkazayotgan qalmoqlarga qarshi qattiq kurash olib bordi; qalmoqlarga qarshi ittifoq tuzish maqsadida Moskva bilan muzoqaralar yuritdi. Arab Muhammadxonni oʻldirishgani uchun ukalari Habash Sulton bilan Elbars Sultonni qatl etib, ularga yordam bergan Xorazmdagi uygʻur va nayman qabilalarining chorva mollarini tortib oldi va ularga qarshi qirgʻin uyushtirdi. Asfandiyorxon davrida tarqoqlik va zulm kuchaydi. Bundan foydalangan yirik mulkdorlar oʻz vakillaridan biri Abulgʻoziyni Asfandiyorxonga qarshi qoʻydilar. Natijada 1643-y. Abulgʻoziy xon qilib koʻtarildi. Xuddi shu yili Asfandiyorxon vafot etdi. Oradan 2 yil oʻtgach, Abulgʻoziy Bahodirxon Xivada taxtga oʻtirdi.