ASTRAXON VILOYATI — RF tarkibidagi viloyat. Quyi Volga boʻyida, jan. qismi Kaspiy dengiziga tutashadi. Astraxon viloyati 1943-y. 27 dek. da tashkil etilgan. Mayd. 44,1 ming km2. Aholisi 1014 ming kishi (1999), asosan, ruslar; qozoq, tatar va ukrainlar ham yashaydi. Astraxon viloyatida 11 maʼmuriy tuman, 5 shahar, 13 shaharcha bor. Markazi — Astraxon sh.
Astraxon viloyati Kaspiy boʻyi pasttekisligidagi chala choʻllar, Volga-Axtuba qayiri va Volga daryosi deltasini oʻz ichiga oladi. Astraxon viloyati hududida shoʻrxoklar, shoʻr koʻllar hamda qum tepaliklari bor. Shoʻr koʻllardan eng yirigi Bosqunchoq koʻlidir. Iqlimi keskin kontinental va juda quruq. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi shim. da — 10°, jan. da —6°, iyulniki esa shim. da 24° va jan. da 25°. Oʻrtacha yillik yogʻin 200 mm. Eng yirik daryosi Volga va uning tarmogi Axtuba. Tuproqlari och kashtan shoʻrtob va qoʻngʻir tuproqlar. Boshoqlilar, shuvoq, shoʻra, oʻtloq oʻsimliklari oʻsadi. Saygʻoq, turli kemiruvchilar, sudraluvchilar, hasharotlar yashaydi. Volgada 50 dan ziyod baliq turi uchraydi. Neft, gaz, tuz, gips kabi foydali kazilmalar bor. Volga deltasida Astraxon qoʻriqxonasi tashkil qilingan. Astraxon viloyatida oziq-ovqat (baliq, goʻsht, tuz), mashinasozlik, shuningdek yogʻochsozlik va sellyuloza-qogʻoz sanoati, sabzavotchilik, polizchilik, chorvachilik rivojlangan. Yetakchi sanoat tarmoqlari — taxta tilish, yogʻochsozlik va sellyuloza-qogʻoz sanoati. Kimmatbaho osyotr va chastik baliqlari ovlanadi. Astraxondagi baliq-konserva korxonalarida baliq qayta ishlanadi. Astraxon viloyatida Rossiyada eng yirik boʻlgan Bosqunchoq tuz korxonasi ishlab turibdi. Astraxon viloyatida metallsozlik, kemasozlik va kema tuzatish sanoati korxonalari, koʻn z-di va moʻyna f-kasi mavjud. Qamish plitalar ishlab chiqaruvchi z-d bor. Bugʻdoy, kuzgi javdar, yem-xashak, poliz ekinlari ekiladi. Chorvachilikda goʻsht-jun qoʻychiligi va goʻsht-sut qoramolchiligi rivojlangan. Transportda yetakchi oʻrinni dengiz transporti egallaydi. Volga va uning oʻng tarmogʻi Baxtemir daryo transportida muhim ahamiyatga ega. Astraxon viloyati temir yoʻl orqali Rossiyaning boshqa r-nlari bilan bogʻlangan.