Knowledge Base
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

ATARAKSIYA

ATARAKSIYA (yun. ataraxia — xotirjamlik) — yunon etikasida ruhiy osoyishtalik, xotirjamlikni bildiruvchi tushuncha. Demokrit taʼlimotida Ataraksiya hayot tashvishlaridan, oʻlim, qoʻrquv va har qanday ruhiy hayajondan xoli boʻlgan, kishida ehtiroslar ustidan aql hukmronlik qiladigan holatni anglatadi. Ataraksiyaga oid gʻoyalar keyinchalik Epikurning axloqiy taʼlimotida rivoj topdi. Uning fikricha, Ataraksiya hayotning eng oliy ideali boʻlgan donishmand shaxsning ichki va botiniy erkinlik holatidir. U hayot quvonchlaridan lazzatlanishga va huzur qilib orom olishga undaydi. Skeptiklar (mas, Pirron) fikricha, inson baxti — hayot voqealariga beparvo qarash, xotirjam hayot kechirishga oʻrganishdir. Tibbiyotda Ataraksiya be-morning xotirjam, tinch va bezovta boʻlmasdan dam oladigan holatini ifodalaydi. Shu sababli shifokorlar unga muolajaning maʼlum qismi sifatida ham qaraydilar.

Prev Article

ATAPASKLAR

Next Article

ATAUALPA