ATEIZM

ATEIZM (yun. a — inkor qoʻshimchasi, theos — xudo; xudoni, dinni inkor etish) —dinni, diniy taʼlimotni, xudoni, umuman ilohiy kuchlarga eʼtiqod qilishni inkor etish. Diniy va ateistik dunyoqarashlar bir-biriga zid boʻlib, buning zaminida idealistik va materialistok falsafiy yoʻnalishlar oʻrtasidagi kurash yotadi. Ateizm qadimda ilk ateistik tasavvurlar paydo boʻlgan davrdan hoz. kungacha bir necha bosqichni bosib oʻtdi. Qad. Misr, Bobil, Hindiston va Xitoyda mil. av. 3-ming yillikdan boshlab diniy aqidalarni tanqid qilgan asarlar paydo bulgan. Antik dunyo, yaʼni Yunoniston va Rim ateistlari tabiat hodisalarini materialis-tik asosda talqin qilishga, dinlarning vujudga kelish sabablarini ochishga urindilar. Oʻrta asrlarda dinning mavqei kuchli bulgan sharoitda Ateizm deyarli rivojlanmadi. Yevropada oʻrta asr mutaassibligi ustidan gʻalaba qozonilgach, Spinoza, fransuz materialistlari, Feyerbax kabi ateistlar oʻz faoliyatlarini Tavrotning tanqidi va dunyoviy maʼrifatchilikni yoyishga qaratdilar. Umuman Marksgacha Ateizm asosan dinni tanqid qilish bilan cheklangan holda uning jamiyatda saqlanib qolishi va muayyan maqsadlarga xizmat qilishini eʼtirof etish bilan xarakterlanadi. Marksistik Ateizm bundan tubdan farq qiladi, zero u oʻz oldiga yerdagi hayotni inqilobiy yoʻl b-n oʻzgartirib, dindan xoli boʻlgan jamiyat barpo etishni maqsad qilib qoʻygandi. Markschi-leninchilar «kommunistik jamiyat qurilishi jarayonida diniy hamda oʻtmishning boshqa sarqitlaridan ozod boʻlgan, ilmiy ateistik dunyoqarash bilan qurollangan yangi inson shakllanajagi» haqida daʼvo qildilar. Marksistik ateizm Oʻzbekistonda ham oʻzining salbiy rolini oʻynadi. 30-y. larda respublikada «Xudosizlar» nomi bilan oʻzbek tilida jurnal nashr etildi. Arab alifbosi bekor qilingach, minglab kitoblar yoqib yoki koʻmib tashlandi, yuzlab masjid va madrasalar omborxonalarga aylantirildi yoki tashlandiq holga keltirildi, arab tili va islom tarixining bilimdonlari quvgʻin ostiga olindi. Toshkent shahrida butunittifoq Ilmiy ateizm in-tining respublikalararo filiali ochilgani (1981-y.) va, ayniqsa, Oʻzbekiston KP MKning 16 – (1984-y.) plenumi chaqirilganidan keyingi paytni Oʻzbekistonda Ateizmning quturgan yillari deb atash mumkin. Zero shu yillari mamlakatda dinga uzil-kesil barham berishga qaratilgan tadbirlar oʻtkazildi. Jumladan, liniy bayramlar va marosimlar taʼqiklanadi; hatto sevimli xalq bayrami Navroʻzga ham «diniy» tamgʻa urilib, uni yoʻqqa chiqarishga harakat qilindi. SSSR qulagach, «ilmiy ateizm» umuman fan sifatida yoʻq boʻldi. Ilmiy-texnik jihatdan rivojlangan mamlakatlarda muayyan falsafaga (mas, neopozitivizm, ekzistensializm va h. k.) asoslangan ateistik qarashlar hozir ham sezilarli oʻrin egallaydi. Ayniqsa 20a. 2-yarmida Bertran Rassel va Jan-Pol Sartrlarning asarlari bu borada katta rol oʻynadi. AQSH va Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari aholisining 8—10% ateist hisoblanadi. Yer yuzida turli dinlar va mayda diniy firqalar misli koʻrilmagan darajada koʻpayib ketgan bugungi real voqelikda Ateizmning oʻziga ham eʼtiqod sifatida qarash urf boʻlayapti. Koʻpgina xalqaro hujjatlarda, xususan, Inson huquqlari deklaratsiyasida: «Har bir inson fikr, vijdon, din va eʼtiqod erkinligi huquqiga egadir», deb yozilgan. Zamonaviy demokratik jamiyatlarda, shu jumladan, Oʻzbekistonda fuqarolar uchun haqiqiy vijdon erkinligi huquqi, yaʼni har qanday dinni erkin tanlab olish yoki hech qanday dinga eʼtiqod qilmaslik Konstitutsiya bilan kafolatlangan.

Ahadjon Hasanov.

Prev Article

ATAUALPA

Next Article

ATEY